Logo

Pokistonning nufuzli kompaniyalari bilan investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishildi

May 05, 2026. 22:50 • 3 daq

312

KARACHI, 5-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya Karachida qator nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Yunus Brothers Group” kompaniyasi raisi Muhammad Sohayl Tabba bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Navoiy viloyati va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud siyosiy ishonchni aniq sanoat loyihalariga aylantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar o‘rtasida to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va polimer mahsulotlari, energetika, shuningdek, avtomobil butlovchi qismlari kabi ustuvor yo‘nalishlarda Navoiy viloyati hududida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar Navoiy viloyatining boy xomashyo bazasi, rivojlangan sanoat infratuzilmasi hamda qulay logistika imkoniyatlari “Yunus Brothers Group” kabi yirik sanoat guruhlari uchun keng imkoniyat yaratishini alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, kompaniya mutaxassislarining Navoiy viloyatiga tashrifini tashkil etish hamda shu yili dastlabki loyihani ishga tushirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

“Diners Group” kompaniyasi raisi Suhail Moten bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Navoiy viloyatida tikuv-trikotaj klasterlarini tashkil etish, tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, eksportga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalar ochish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu kompaniya bilan yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik Navoiy viloyati uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, yengil sanoatni jadal rivojlantirish, eksport hajmini oshirish va tayyor mahsulotlar ulushini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Pokistonning yetakchi sanoat guruhlaridan biri “Engro Corporation” prezidenti va bosh ijrochi direktori Ahsan Zafar Sayyod bilan muzokaralarda O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, Navoiyda yirik ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

Navoiy viloyatining boy mineral-xomashyo bazasi, rivojlangan infratuzilmasi va qulay logistikasi kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. O‘g‘it va agrokimyo mahsulotlari, polimer va kimyo sanoati, agroservis hamda zamonaviy energetika yo‘nalishlarida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish, pilot loyihalarni boshlash va kompaniya mutaxassislarining Navoiy viloyatiga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari “Rajby Industries” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Kompaniya bosh ijrochi direktori Masʼud Naqiy bilan suhbatda jinsi mato va tayyor kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor Navoiyda jinsi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va eksportbop qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalariga qaratildi.

Pokistonning yirik kompaniyalari bilan amalga oshirilishi belgilangan bunday chora-tadbirlar Navoiy viloyatining investitsion jozibadorligini oshirish, sanoat salohiyatini mustahkamlash va aholi bandligini taʼminlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish