Logo

Konsullik roʻyxati — haq-huquqlaringiz kafolati

Yanvar 27, 2026. 20:39 • 3 daq

78
Konsullik roʻyxati — haq-huquqlaringiz kafolati

Bugungi globallashgan dunyoda millionlab insonlar taʼlim, mehnat, biznes yoki sayohat sababli oʻz mamlakatidan tashqarida yashamoqda. Shu sharoitda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni chet elda qoʻllab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida ham konsullik xizmatlarini faollashtirish, diplomatik vakolatxonalarni modernizatsiya qilish va fuqarolarga tezkor hamda sifatli xizmat koʻrsatish muhim vazifa sifatida belgilandi. Bu esa konsullik roʻyxati (konsullik hisobida turish) masalasining dolzarbligini yana bir bor koʻrsatdi.

Savol: konsullik xizmati nima?

Konsullik xizmati — bu davlatning chet elda yashayotgan yoki vaqtinchalik boʻlib turgan fuqarolariga koʻrsatiladigan rasmiy yordam tizimidir. U odatda elchixonalar va konsullik muassasalari orqali amalga oshiriladi va quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi:

  • pasport va hujjatlarni rasmiylashtirish;
  • fuqarolik holati dalolatnomalarini (tugʻilish, nikoh, oʻlim) qayd etish;
  • notarial xizmatlar va hujjatlarni qonuniylashtirish;
  • huquqiy maslahatlar;
  • favqulodda vaziyatlarda yordam koʻrsatish.

Oddiy qilib aytganda, konsullik xizmati — bu chet eldagi fuqaroning oʻz davlati bilan bogʻlovchi ishonchli “koʻprik”dir.

Konsullik roʻyxati nima?

Konsullik roʻyxati — bu chet elda boʻlib turgan fuqarolarning elchixona yoki konsullikda rasmiy hisobga olinishidir. Roʻyxatdan oʻtish orqali konsullik siz haqingizda asosiy maʼlumotlarga ega boʻladi va zarurat tugʻilganda siz bilan tezkor aloqa oʻrnatishi mumkin.

Konsullik roʻyxati ikki turga boʻlinadi:

  • Doimiy konsullik roʻyxati — chet elda uzoq muddat yoki doimiy yashovchi fuqarolar uchun;
  • Vaqtinchalik konsullik roʻyxati — oʻqish, ishlash, davolanish yoki oilaviy sabablar bilan qisqa muddatga chet elga chiqqan fuqarolar uchun.

Bularni hayotiy misollar orqali tushuntirsak

Masalan, tasavvur qiling, siz xorijda ishlab yurib pasportingizni yoʻqotib qoʻydingiz. Agar siz konsullik roʻyxatida turgan boʻlsangiz, konsullik xodimlari siz haqingizdagi maʼlumotlar asosida tezda vaqtinchalik qaytish hujjatini rasmiylashtirib beradi. Roʻyxatda boʻlmasangiz, bu jarayon ancha vaqt va qoʻshimcha tekshiruvlarni talab qiladi.

Yoki, siz tabiiy ofat yoki favqulodda holatga tushdingiz.

Ayrim mamlakatlarda zilzila, siyosiy beqarorlik yoki xavfsizlik bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelishi mumkin. Konsullik roʻyxatida turgan fuqarolar bilan elchixona tezda bogʻlanib, xavfsiz joyga chiqarish (evakuatsiya), tibbiy yordam yoki zarur axborotni yetkazishi mumkin.

Eng koʻp uchraydigan masalalardan bir bu — chet elda tugʻilgan bolalarni fuqaroligi. Agar siz chet elda yashab, u yerda farzandli boʻlsangiz, bolaning tugʻilishini konsullik orqali roʻyxatdan oʻtkazish mumkin. Bu bolaning fuqaroligini rasmiylashtirish va kelajakda hujjatlar bilan bogʻliq muammolarni oldini oladi.

Hibsga olish yoki huquqiy muammo. Fuqaro chet elda huquqiy muammoga duch kelganda, konsullik uning huquqlari buzilmasligini nazorat qiladi, mahalliy qonunchilik doirasida yuridik maslahat beradi va zarur hollarda advokatlar bilan bogʻlanishga yordamlashadi.

Konsullik roʻyxatiga qanday roʻyxatdan oʻtiladi?

  • Siz yashayotgan davlatdagi Oʻzbekiston elchixonasi yoki konsulligiga shaxsan murojaat qilish orqali;
  • Ayrim davlatlarda onlayn konsullik xizmatlari orqali masofadan turib;
  • Roʻyxatdan oʻtishda pasport maʼlumotlari, manzil va aloqa maʼlumotlari taqdim etiladi;
  • Yashash joyi oʻzgarganda yoki Vatanga qaytilganda konsullikka bu haqda xabar berish tavsiya etiladi.
  • davlat tomonidan rasmiy tan olinish va doimiy aloqa;
  • favqulodda vaziyatlarda tezkor yordam;
  • hujjatlarni tez va oson rasmiylashtirish;
  • muhim qonunchilik va xavfsizlikka oid axborotlarni olish;
  • mahalliy organlar bilan munosabatlarda konsullik yordamiga ega boʻlish.

Konsullik roʻyxatida turish fuqarolarga qanday foyda beradi?

Doim yodingizda tuting – Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari – bu fuqarolari uchun mamlakatning bir boʻlagi va u yerda doimiy himoyada boʻlasiz. Konsullik roʻyxati — bu shunchaki rasmiy protsedura emas. Bu — chet elda boʻlib turgan har bir fuqaro uchun xavfsizlik, huquqiy himoya va davlat qoʻllab-quvvatlashining aniq mexanizmi. Qayerda boʻlishingizdan qatʼi nazar, konsullik hisobida turish sizga ishonch, xotirjamlik va davlat eʼtiborini his etish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Super Admin

admin@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish