O‘zbek kabellarini Kuvaytga eksport qilish masalasi muhokama qilindi
Yanvar 29, 2026. 15:36 • 52 soniya
• 157
AL-KUVAYT, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning “Gulf Cables & Electrical Industries Group Co.” kompaniyasi ijrochi direktori Bazel Omran Kanaan boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Kuvayt delegatsiyasi O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zkabel” korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Gulf Cables” kompaniyasi va “O‘zkabel” korxonasi o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kabellarni Kuvaytga eksport qilish masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralarda Kuvayt kompaniyasi tomonidan “O‘zkabel” AJga investitsiya kiritish orqali kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, kompaniya yuqori kuchlanishli transformatorlar hamda boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritish imkoniyatlari ham o‘rganildi.
Kuvayt kompaniyasi tomonidan “O‘zkabel” korxonasida amaldagi ishlab chiqarish quvvatlari baholanib, kabel mahsulotlari sanoatini mahalliylashtirish istiqbollari bilan yaqindan tanishildi.
Kuvaytlik mehmonlar Ohangaron mis klasteridagi “United Cables” yangi zavod, Navoiydagi “HPCS” va “NCC” zavodlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
