O‘zbekistonda muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda
Fevral 05, 2026. 10:41 • 50 soniya
• 147
TOSHKENT, 5-fevral. /“Dunyo” AA/. Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi Ishchi guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, tadbirning asosiy mavzusi venchur va xususiy kapital uchun zamonaviy huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan “Muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘ldi.
Muhokamalarda venchur fondlari vakillari, xalqaro moliya institutlari, Kengashga aʼzo global kompaniyalar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va tegishli vazirliklar rahbariyati ishtirok etdi.
Qonun loyihasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlikda hamda qator ixtisoslashgan kompaniyalar va xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda ishlab chiqilmoqda.
Hujjatda private equity (xususiy kapital), venchur fondlari tushunchalari kiritilmoqda, shuningdek, xalqaro miqyosda tan olingan tuzilma va instrumentlar hamda soliq solishning “shaffof” tamoyillari nazarda tutilgan.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi xalqaro investorlar uchun O‘zbekiston bozorining jozibadorligini oshiradi va mamlakatda innovatsion ekotizimni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
