Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi Pokistonda keng nishonlandi
Fevral 14, 2026. 14:30 • 4 daq
• 156ISLOMOBOD, 14-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida atoqli shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Pokiston ilm-fani va taʼlim sohasi namoyondalari, boburshunos olimlar va tarixchilar, oliy taʼlim muassasalari talabalari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning Bobur hayoti va faoliyatiga doir maʼruzasi bilan boshlandi.
Elchi Boburning hayoti va ijodiga, buyuk ajdodimizning vatanparvarlik va bunyodkorlik g‘oyalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bobur ijodida asosiy mazmunni tashkil etgan chin insoniy fazilatlar, xususan, Vatan sog‘inchi mohirona ifoda etilgani qayd etildi. O‘zbek xalqining ulug‘ farzandi o‘zining mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir hamda ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida jahon tarixida munosib o‘rin egallagani taʼkidlandi.
O‘zbekistonda Bobur merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Andijonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Bobur shahri» bunyod etilayotgani, bu esa uning shaxsiga ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin namunasi ekanligi qayd etildi.
Zahiriddin Muhammad Bobur va Boburiylar sulolasi vakillarining Pokiston hududida hukmronlik qilgan davrlari haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, Boburiylar tomonidan Pokistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari xalqlarimizni o‘zaro bog‘lab turgan muhim rishtalardan biridir.
«Zahiriddin Muhammad Bobur Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo tarixida muhim shaxslardan biri hisoblanadi. Uning davlatchilik asoslari zamonaviy Pokistonning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Pokiston Bobur merosini o‘rganish va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Bu borada ikki mamlakatning Bobur va Boburiylar merosini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazlari faoliyatini alohida taʼkidlash kerak. Biroq, ulug‘ ajdodimizning Pokiston hududidagi faoliyati yetarlicha baholanmagan, deb o‘ylayman», — dedi O‘zbekiston elchisi.
Diplomatik vakolatxona rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan Boburiylar merosini asrab-avaylash va saqlash borasidagi ishlarga ham batafsil to‘xtaldi.
2025-yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti delegatsiyasining Pokistonga tashrifi tashkil etilgani maʼlum qilindi. Tashrif natijasida hamkorlikda Boburiylar merosini o‘rganish va asrab-avaylashga bag‘ishlangan besh qismli hujjatli film tayyorlandi hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilgani bildirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida Boburiylarning ilmiy-maʼrifiy, madaniy va meʼmoriy merosini saqlash, tadqiq etish va keng targ‘ib qilish to‘g‘risida kelishuv imzolangani ishtirokchilarga yetkazildi.
Boburiylar va Temuriylar merosi bilan bog‘liq akademik, ilmiy-tadqiqot va madaniy tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Pokistonda Boburiylar tadqiqot markazini tashkil etish ishlari davom ettirilmoqda.
Qayd etilganidek, ushbu vazifalarning amalga oshirilishi natijasida Pokiston hududidagi Bobur va Boburiylarga oid noyob madaniy merosni saqlash, shuningdek, ajdodlarimiz nomi bilan bog‘liq tarixiy maqbaralarni obodonlashtirish imkoniyatlari yanada kengayishi kutilmoqda.
«Umumiy kelajak jamiyati» tahliliy markazi ijrochi direktori Xalid Taymur Akram o‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevning ikki mintaqa bog‘liqligini qayta tiklash borasidagi tashabbusi O‘zbekiston va Pokiston uchun tarixiy ahamiyatga ega ekanligini, Zahiriddin Muhammad Bobur davridan boshlangan birodarlik rishtalarini qayta tiklash uchun ulkan imkoniyat ekanini taʼkidladi.
Uning aytishicha, Boburning Pokiston hududida mustahkam davlat tuzgani Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari rivojida muhim bosqich bo‘ldi. Bu davrga o‘zaro bog‘liqlikning boshlanish nuqtasi sifatida qaralishi kerak. Joriy yilda Pokistonda Bobur asos solgan davlatning 500 yilligi keng nishonlanadi.
«Bobur merosini tadqiq qilishga Pokistonda katta ahamiyat qaratilmoqda. Ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida aloqalarni chuqurlashtirish va jadallashtirish, qo‘shma tadqiqot ishlarini olib borish, Bobur va Boburiylar davriga oid qo‘lyozmalar hamda ilmiy manbalarni birgalikda o‘rganish, o‘zaro almashuv dasturlarini tashkil etish akademik va amaliy jihatdan juda muhim, deb bilaman», – dedi ekspert Taymur Akrom.
Taniqli pokistonlik jurnalist Ramzan Mo‘g‘ul o‘z chiqishida Zahiriddin Muhammad Boburning Janubiy Osiyo tarixidagi o‘rniga to‘xtaldi.
«Uning jasorati, siyosiy zakovati va davlatchilik tajribasi natijasida Pokiston zaminida – Buyuk Boburiylar sulolasi barpo etildi. Bu sulola asrlar davomida mintaqa madaniyati, meʼmorchiligi va davlat boshqaruviga ulkan taʼsir ko‘rsatdi. Boburning merosi faqat harbiy yurishlar yoki siyosiy yutuqlar bilan cheklanmaydi. U yuksak didli shoir va noziktaʼb adib sifatida ham tanilgan. Uning mashhur asari “Boburnoma” tarixiy va adabiy manba sifatida beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, o‘sha davr ijtimoiy hayoti, tabiati va insonlar ruhiyati haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Asar bugungi kunda ham ilmiy va maʼnaviy meros sifatida qadrlanadi. Pokiston xalqi uchun Bobur merosi – umumiy tariximiz va madaniy ildizlarimizning muhim qismi hisoblanadi. Uning avlodlari tomonidan barpo etilgan obidalar, anʼanalar va boshqaruv tajribasi bugungi kungacha o‘z taʼsirini saqlab kelmoqda. Shu bois, Bobur shaxsiyati va uning merosi biz uchun faxr va ilhom manbaidir», – dedi u.
Tadbir yakunida Islomobod shahridagi Muslim universiteti talabalari, faol vatandoshlar va diplomatlar tomonidan Bobur ruboiy va g‘azallaridan namunalar o‘qib berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


