Germaniyaning Gissen shahrida “Uzbek Haus” nomli o‘zbek restorani ochildi
Fevral 17, 2026. 15:09 • 2 daq
• 50GISSEN, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan Gissen shahrida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari — 585 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu uchrashuvda o‘zbek diasporasi vakillari, jamoat faollari, Germaniya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar hamda yurtimiz tarixi va madaniyatiga qiziqish bildirgan mehmonlar ishtirok etdi.
Bosh konsul Mironshoh Raupov Navoiy va Boburning bebaho ilmiy-adabiy merosi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon sivilizatsiyasi rivojida ham muhim o‘rin tutishini taʼkidladi. Ularning insonparvarlik, adolat, maʼrifat va Vatanga sadoqat g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarb ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Xorijda yashayotgan vatandoshlar o‘rtasida o‘zbek til va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir doirasida Navoiy va Bobur asarlaridan sheʼrlar o‘qildi, ularning ijodidan parchalar yangradi. Ayniqsa, yoshlar tomonidan namoyon etilgan faollik va milliy adabiyotga bo‘lgan hurmat barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tantanali uchrashuvning muhim voqealaridan biri sifatida Gissen shahrida “Uzbek Haus” nomli o‘zbek restoranning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu maskan vatandoshlar uchun doimiy muloqot va uchrashuv joyiga aylandi. Bu yerda O‘zbekistonga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy kechalar, adabiy uchrashuvlar, taqdimotlar va madaniy tadbirlar muntazam tashkil etilishi rejalashtirilgan.
“Uzbek Haus” milliy anʼanalar va urf-odatlarni targ‘ib qilish, o‘zbek milliy taomlarini namoyish etish orqali yurtimizning boy madaniy merosini Germaniya jamoatchiligiga kengroq tanitishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar mazkur tashabbus vatandoshlarning birlashuviga, ularning Vatan bilan maʼnaviy aloqalarini yanada mustahkamlashga hamda O‘zbekistonning ijobiy imijini xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





