Namangan–Guyyan: umumiy qiymati 1,1 milliard dollarlik shartnoma va kelishuvlar imzolandi
Dekabr 17, 2025. 15:42 • 2 daq
• 119GUYYAN, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. Namangan viloyati delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida Guychjou provinsiyasi markazi Guyyan shahrida “Namangan – Guyyan” savdo-iqtisodiy va investitsion forumi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur forum Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi hamda “Guizhou Huayu Group” kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi.
Forumda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, O‘zbekiston elchisi Farhod Arziyev, “Guizhou Huayu Group” kompaniyasi prezidenti Jou Fu, “China Economical and Trade Magazine” yirik nashriyot uyi raisi o‘rinbosari Xua Yan nutq so‘zladi. Ular Xitoyning Guychjou provinsiyasi hamda O‘zbekistonning Namangan viloyati o‘rtasida “qardosh hududlar” munosabatlari o‘rnatilganini alohida taʼkidlab, bu borada turli hamkorlik loyihalari tashkil etib kelinayotganini qayt etdi.
Tadbirda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida so‘z yuritildi. Namangan viloyatining sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika, energetika, qurilish materiallari, farmatsevtika va eksport salohiyati hamda investitsiyaviy imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Forum ishtirokchilari Namangan viloyatining Xitoy kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini yuqori baholadi.
Forum yakunida sanoat, energetika, qurilish, kimyo, agrosanoat va logistika sohalarini qamrab olgan umumiy qiymati 1,1 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan 8 ta investitsion shartnoma va kelishuv imzolandi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi Namangan viloyatida yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va hudud iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari “Namangan – Guyyan” formatidagi hamkorlikni tizimli ravishda davom ettirish, ikki hudud o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi




