Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Dekabr 14, 2025. 11:31 • 2 daq
• 203BUDAPESHT, 15-dekabr. /“Dunyo” AA/. Elchixona ko‘magida Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Asror Norov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasining Vengriyaga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya aʼzolari Turkiy davlatlar tashkiloti va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida uchuvchisiz uchish apparatlari sohasini huquqiy tartibga solish, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan “International Drone Summit – 2025” xalqaro sammitida qatnashdi.
Tadbir doirasida, uchuvchisiz uchish apparatlarini yaratish, boshqarish va foydalanish imkoniyatlari yuzasidan Vengriya davlatida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Ushbu kompaniyalar tomonidan universitetlar bilan hamkorlikda talabalar uchun tashkil etilayotgan trening dasturlari hamda o‘tkazilayotgan sinov amaliyotlari bo‘yicha tajriba almashildi.
Vengriyaning Edutus universiteti va “CloudIA Plc” kompaniyasi bilan ilmiy stajirovkalar tashkil etish, tadqiqot va innovatsiyalar to‘g‘risida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Vengriya Madaniyat va innovatsiyalar vaziri Balaj Xanko bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Vengriya universitetlarida ilm-fan, tadqiqot va innovatsion faoliyatni boshqarishning yangi modelini o‘zlashtirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish jarayonini kuchaytirish maqsadida Vengriyalik malakali mutaxassislardan birini Agentlik direktoriga maslahatchi sifatida jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Obuda universiteti rektori, professor Levente Kovach bilan uchrashuvda o‘zbekistonlik yosh olimlar uchun ilmiy stajirovkalar tashkil etish, Jizzax viloyatida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan texnoparkni Obuda universitetiga ishonchli boshqaruvga berish imkoniyatlari haqida fikr-mulohaza almashildi. 50 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talabning Obuda universitetiga stajirovka va almashinuv dasturlariga qabul qilinishiga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi



