Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Hindiston universiteti rahbariyati bilan Nukusda ushbu oliy bilim yurtining filialini ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi
Dekabr 17, 2025. 08:15 • 2 daq
• 146DEHLI, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi va Hindistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri – ERA University rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Konstruktiv va ishchan muhitda o‘tgan muzokaralar oliy taʼlim va fan sohasidagi O‘zbekiston-Hindiston aloqalarini mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berdi.
Uchrashuvda erishilgan asosiy natijalardan biri ERA University mulkdori Muhsin Ali Xonning universitet filialini Nukusda ochish bo‘yicha qatʼiy niyat haqida bildirgan bayonoti bo‘ldi.
Hind universiteti rahbariyati uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini maʼlum qilib, mintaqaning tibbiy taʼlimni rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi salmoqli salohiyatini qayd etdi.
Muzokaralar davomida bo‘lajak loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar muhokama qilindi.
Hind tomoni O‘zbekiston vakillariga ERA universitetining taʼlim, ilmiy va infratuzilmaviy salohiyatini taqdim etdi, shuningdek, filialni joylashtirish uchun yer maydoni yoki mos bino ajratishda ko‘mak berish iltimosi bilan murojaat qildi.
Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi, o‘z navbatida, hududning investitsiya salohiyati, ustuvor yo‘nalishlari va xorijiy taʼlim muassasasini joylashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar ERA University rahbariyatining 2026-yil fevral oyida Qoraqalpog‘istonga amaliy tashrifini tashkil etishga kelishib oldi. Bo‘lajak tashrif davomida filialni joylashtirish uchun ko‘zda tutilayotgan maydonchalar bilan tanishish, loyihaning huquqiy, infratuzilmaviy va akademik jihatlarini muhokama qilish, dastlabki investitsiya rejasini tayyorlash rejalashtirilgan.
ERA University filialining Nukusda ochilishi butun Orolbo‘yi hududi uchun strategik ahamiyatga ega loyihadir.
Loyihani amalga oshirish nafaqat salmoqli investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash, balki, eng muhimi, Qoraqalpog‘iston va qo‘shni hududlar yoshlari uchun tibbiyot, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda zamonaviy, talab yuqori bo‘lgan bilim va kasblarni egallash imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Tomonlar belgilangan rejalarni hayotga tezkor joriy etish maqsadida ishchi muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

