O‘zbekiston Prezidenti raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi ishlar hamda ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Aprel 14, 2026. 21:15 • 8 daq
• 207
TOSHKENT, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda joylardagi studiyalardan videoaloqa orqali 500 dan ziyod tadbirkor, quruvchi, loyihachi, arxitektor va urbanistlar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari barcha tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish bo‘yicha belgilangan katta marralarga erishishda qurilish sohasi alohida o‘rin tutishini taʼkidladi. Tahlillarga ko‘ra, qurilishga kiritilgan har 1 dollar iqtisodiyotga 2-3 dollarlik samara keltiradi, sohada yaratilgan bitta ish o‘rni esa boshqa tarmoqlarda yana 5 tagacha ish o‘rnining paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.
So‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi ish boshladi. Aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 20 ta, 100 milliard so‘mdan yuqori ko‘rsatkichga chiqqan 365 ta yirik kompaniya shakllandi. Loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshib, ularning 650 dan ziyodi xalqaro sertifikat oldi.
Shu davrda qurilish sohasida ruxsat berish bosqichlari 3 karra, muddatlar 4 karra qisqartirildi. 420 ta shaharsozlik norma va qoidalari birlashtirilib, eskilari bekor qilindi va 140 ta yangi norma va qoida tasdiqlandi.
Natijada o‘tgan yillar mobaynida 210 million kvadrat metr bino-inshoot, 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Qurilish ishlarining hajmi 2016 yildagi 30 trillion so‘mdan o‘tgan yili 314 trillion so‘mga yetdi. Bugun qurilish, qurilish materiallari va ularga yondosh sohalarda 3,5 million aholi band.
Taʼkidlanganidek, tadbirkorlik uchun har yili 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metr bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trillion so‘m resurs ajratilmoqda. Lekin yer va kredit kabi asosiy masalalar hal etilgan bo‘lsa-da, tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichida haligacha turli to‘siqlarga duch kelmoqda, bu jarayonlar oylab-yillab cho‘zilmoqda.
Yig‘ilishda urbanizatsiya masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirgi kunda yurtimiz aholisi 38 milliondan oshib, urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgan, qariyb 20 million nafar aholi shaharlarda yashamoqda. Davlatimiz rahbari urbanizatsiya darajasining har 1 foizga o‘sishi iqtisodiyotga kamida 1 foiz qo‘shimcha o‘sish olib kelishini, investitsiya oqimi, biznes va startaplar faolligi, mehnat unumdorligi shunga mutanosib ravishda ortishini taʼkidladi. Shu bois, respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qayd etilganidek, bosh rejalarni ishlab chiqish uchun byudjetdan yiliga 200-250 milliard so‘m ajratilmoqda. Mazkur mablag‘lar, avvalo, bosh rejasi yo‘q yoki eskirgan hududlarga yo‘naltirilishi lozim. Ayni paytda kichik shahar va shaharchalarda ham yirik loyihalarni amalga oshirish istagida bo‘lgan tadbirkorlar ko‘p, ammo shaharsozlik hujjatlari yo‘qligi tufayli ularning ishlari to‘xtab qolmoqda.
Viloyat hokimlari va Urbanizatsiya qo‘mitasiga joriy yilning o‘zida byudjet mablag‘lari hisobidan 6 ta shahar va 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh rejalarni, 104 ta qishloq bo‘yicha master-rejalarni yakunlash, bundan tashqari, tashabbuskor tadbirkorlar bilan birga yana 50 ta aholi punkti uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.
Yig‘ilishda bosh reja yo‘qligi vaji bilan 2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgani, bu esa 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish imkoniyati va byudjet uchun qo‘shimcha 550 milliard so‘m tushumni boy berishga sabab bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan uch oy ichida yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz, 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, bosh rejalarni tasdiqlash bilan cheklanib qolish mumkin emasligi taʼkidlandi. Ularda belgilangan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr tarmoqlari va yo‘llarning qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan qurilishi aniq ko‘rsatilmagani tanqid qilindi. Har bir tasdiqlangan bosh reja bo‘yicha uni amalga oshirishning yilma-yil kompleks dasturlari ishlab chiqilishi, bu aholi, tadbirkorlar va mutasaddilarga yetkazilishi shartligi qayd etildi.
Shu bois, har bir viloyat hokimiga ikki oy muddatda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni yaratish topshirildi. Ulardagi tadbirlarning qaysi qismi respublika va mahalliy byudjetdan, qaysi qismi xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan moliyalashtirilishi aniq belgilab berilishi shartligi ko‘rsatildi.
Yer va obyektlarni iqtisodiy faoliyatga jalb etish bo‘yicha ham jiddiy kamchiliklar qayd etildi. So‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerning 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Shuningdek, auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi va 122 ta davlat obyekti bir yildan beri sotilmay turgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bunda xususiylashtirish dasturini shakllantirishda ham, obyektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni sezilmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani tanqid qilindi. Aslida, har bir obyektni sotishda hududga investitsiya jalb qilish va mahalla uchun yangi ish o‘rni yaratish birinchi o‘rinda turishi lozimligi taʼkidlandi.
Shu bois, endi xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligini taʼminlashda hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan teng masʼul bo‘lishi belgilandi. Xususiylashtirish doirasida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash amaliyoti ham bekor qilinadi.
Yig‘ilishda qurilish sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. O‘tgan yili qurilish bilan bog‘liq 2 million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgani, bu holat ortida ko‘p hollarda korrupsiya va ortiqcha byurokratik g‘ovlar turgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari bunday muammolarga barham berishning eng samarali yo‘li raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy etish ekanini taʼkidladi.
Hozirgi tizimda aholi va tadbirkorlar avval loyihalashga ruxsat olish, keyin arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish uchun alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt yo‘qotmoqda. Toshkent shahrida ushbu ikki xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish tajribasi joriy etilgani va natijada hujjatlarni kelishish muddati 3-4 karra qisqargani maʼlum qilindi. Mazkur tajribani 1 iyuldan boshlab barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.
Kommunal tarmoqlarga ulanish bo‘yicha texnik shart olishda ham aholi har bir idoraga alohida murojaat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Endi 1 iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov orqali elektr, gaz, suv va kanalizatsiya tarmoqlari bo‘yicha texnik shart olish imkoni yaratiladi.
Sansalorlikning yana bir sababi sifatida joylarda shaharsozlik kengashiga aʼzo 26 ta idora o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlik yo‘qligi ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining o‘zi boshchilik qilishi, tadbirkor masalasiga yakuniy yechim beradigan tizim joriy etilishi belgilandi.
Mutasaddilarga uch oy ichida qurilishga ruxsat olishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni chuqur tahlil qilib, talablar, muddatlar va to‘lovlarni kamida ikki barobarga qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Qurilish sifati va nazorat masalalari ham tanqidiy muhokama qilindi. O‘tgan yili qurilish obyektlarida loyihachi va buyurtmachi nazoratchilari tomonidan 42 mingta kamchilik, Qurilish inspeksiyasi tomonidan esa yana 250 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan. Bunga loyihachi va buyurtmachilarda mualliflik hamda texnik nazorat bo‘yicha manfaatdorlik pastligi sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Shu bois, joriy yil 1 iyundan boshlab davlat buyurtmachilari faoliyati to‘liq KPI asosida baholanishi, xodimlar oyligi 3 karra oshirilishi belgilandi. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun obyekt qiymatining 5 foizigacha mablag‘ ajratiladi, mualliflik nazorati uchun esa alohida shartnoma asosida to‘lov qilinadi. Endi texnik yoki mualliflik nazoratchisi masʼul bo‘lgan obyektda qo‘pol qoidabuzarlik aniqlansa, pudratchi bilan birga nazoratchilarga ham qatʼiy chora ko‘riladi, loyihachining “Shaffof qurilish”dagi reytingi pasaytiriladi.
Yig‘ilishda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari bo‘yicha ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda mazkur yo‘nalishda 20 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mutasaddilar va buyurtmachi vazirlik-idoralar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda mahalliy quruvchilar imkoniyatlarini yetarlicha himoya qilmayotgani, shartnoma shartlarini belgilashda ularning manfaatini ko‘zlamayotgani, xalqaro tenderlarda ishtirok etish shartlarini o‘rgatish bo‘yicha tizimli ish olib bormayotgani tanqid qilindi.
Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini taʼminlash masalasi doimiy diqqat markazida bo‘lishi shartligi taʼkidlandi. So‘nggi yillarda 56 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi infratuzilmasi uchun 4 trillion 100 milliard so‘m ajratilgan, joriy yilda esa ushbu maqsadlar uchun yana 1 trillion 400 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.
Soha mutasaddilari va hokimlar bu yil mazkur massivlarda 34 ming xonadonni qurib bitkazishi shartligi qayd etildi. Qurilishi davom etayotgan massivlarni kengaytirish faqat o‘sha hududdagi kvartiralarning kamida 85 foizi egalariga topshirilganidan keyin ruxsat etilishi belgilandi.
Umuman, joriy yil hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish zarurligi taʼkidlandi. Bunda renovatsiyaga alohida eʼtibor qaratish muhimligi bildirildi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash va kreativ muhitni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Arxitektor, loyihachi va urbanistika sohasi uchun birinchi kreativ parkni Toshkent shahrida tashkil qilish, keyinchalik bunday parklarni hududlarda ham barpo etish ishlarini boshlash topshirildi. Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan urbanizatsiya, kadastr va geodeziya sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan, o‘zini o‘zi moliyalashtiruvchi oliygoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Uning tarkibida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari uchun texnikum ham tashkil etiladi.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz soha va hududlar rahbarlarining hisobotlarini tingladi. Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi