Logo

Madridda bo‘lib o‘tgan konferensiyada O‘zbekistonning Iberiya yarimoroli mamlakatlari bilan zamonaviy aloqalarining tarixiy ildizlari taʼkidlandi

Mart 07, 2026. 12:00 • 3 daq

124
Madridda bo‘lib o‘tgan konferensiyada O‘zbekistonning Iberiya yarimoroli mamlakatlari bilan zamonaviy aloqalarining tarixiy ildizlari taʼkidlandi

MADRID, 7-mart. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning ommabop “Mundiario nashrida O‘zbekistonning Iberiya mamlakatlari bilan hamkorligiga bag‘ishlangan konferensiya haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilganidek, Madrid shahridagi “Centro Riojano” maydonida O‘zbekiston va Iberiya davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni tahlil qilishga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir Madrid avtonom universiteti, Kadis universiteti, O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi hamda Rioxano markazi hamkorligida Ispaniya Fan, innovatsiyalar va universitetlar vazirligi ko‘magida o‘tkazilgan.

“Konferensiyada O‘zbekiston va Iberiya davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning tarixi, hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Ekspertlar ishtirokida bir nechta davra suhbatlari o‘tkazilib, Yevrosiyo va Atlantika o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari, Ispaniya va Portugaliya bilan diplomatik munosabatlar hamda madaniy diplomatiya masalalari ko‘rib chiqildi”, deya fikr yuritilgan “Mundiario” nashrida.

Materialda taʼkidlanganidek, ushbu konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, gender tenglik va yoshlar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan siyosat haqida maʼruzalar bilan ishtirok etgan.

Ekspertlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Mutaxassislar 2025-yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini alohida eʼtirof etdi. Mazkur sammit Yevropa Ittifoqi va mintaqaning beshta davlati o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishishga yordam berdi.

Ispaniyalik senator Rafael Gonsales Vilyarino, mamlakatimiz elchisi Farrux Tursunov hamda diplomatik korpus vakillari O‘zbekistonning Iberiya davlatlari bilan hamkorligi bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tgan.

Anjumanda ikki mintaqa o‘rtasidagi tarixiy aloqalar ham tilga olinib, XIV asrda Kastiliya qiroli Genrix III tomonidan Samarqandga yuborilgan elchilik missiyasi misol sifatida qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, XXI asrda O‘zbekiston Ispaniya, Portugaliya va Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun Markaziy Osiyoga kirishda muhim hamkor sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda.

-Shu o‘rinda “Iberiya davlatlari” atamasiga to‘xtalib o‘tsak. Iberiya davlatlari – Yevropa qitʼasining janubi-g‘arbida joylashgan Iberiya yarimoroli hududidagi mamlakatlarni anglatadi. Bu atama asosan geografik va siyosiy-madaniy tushuncha sifatida qo‘llanadi. Iberiya yarimorolida asosiy ikki davlat – Ispaniya va Portugaliya hisoblanadi. Bu ikki mamlakat yarimorolning asosiy qismida joylashgan bo‘lib, Iberiya mintaqasining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlarini tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish