Logo

O‘zbekiston elchixonasi Anqaradagi vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etdi

Mart 05, 2026. 08:10 • 2 daq

177
O‘zbekiston elchixonasi Anqaradagi vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etdi

ANQARA, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Anqara shahrining Chanqay tumanidagi Turkiya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi (Türk-İş) binosida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda elchixona diplomatlari, Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, Türk-İş raisi Ergyun Atalay boshchiligidagi uyushma vakillari ishtirok etdi. Tadbirni yoritish uchun mahalliy “TRT AVAZ” axborot agentligi xodimlari tashrif buyurdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili, imom-xatib o‘z nutqida insonlarni ezgu amallar, mehr-muruvvat, saxovatga chorlovchi, hamjihatlikni mustahkamlovchi muborak Ramazon oyining ma’naviy ahamiyatini alohida ta’kidladi. Yoshlar tarbiyasi, ularni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, imom-xatib bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ergyun Atalay tadbir yuqori darajada tashkil etilganini ta’kidlab, Ramazon oyida vatanidan uzoqda bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar davlat e’tiborida ekanini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday uchrashuvlar vatan va oila sog‘inchini biroz yumshatishga yordam beradi.

Elchixona vakillari o‘z chiqishlarida xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Iftorlikda ishtirokchilar O‘zbekistonda va butun islom olamida tinchlik, barqarorlik va farovonlik bo‘lishini tilab duolar qildi.

Tadbir yakunida mehmonlar O‘zbekiston hukumatiga xorijdagi vatandoshlarga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish