Logo

TIV: O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga binoan fuqarolarimizning Vatanga qaytishini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda

Mart 04, 2026. 16:25 • 3 daq

260
TIV: O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga binoan fuqarolarimizning Vatanga qaytishini ta’minlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda

TOSHKENT, 4-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati o‘zining telegram-kanali orqali OAVning Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘liq savollariga javob berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan fuqarolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatiga ommaviy axborot vositalari vakillaridan kelib tushayotgan savollarga javoblarni taqdim etamiz.

Savol: O‘zbekiston Respublikasi elchixonalari va konsullik muassasalari tomonidan fuqarolar xavfsizligi va farovonligini ta’minlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining Yaqin Sharq mamlakatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari ijtimoiy-siyosiy va harbiy-siyosiy vaziyatni 24/7 formatda doimiy monitoring qilib bormoqda.

Qabul qiluvchi davlatlarning tashqi ishlar idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, fuqarolik muhofazasi xizmatlari hamda aviatsiya ma’muriyatlari bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Savol: Tezkor liniyalar va favqulodda aloqa kanallari tashkil etilganmi?

Javob: Elchixonalar va konsullik muassasalari huzurida “tezkor liniya”lar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Call-markazi faoliyat yuritmoqda.

Fuqarolardan kelib tushayotgan barcha murojaatlar ro‘yxatga olinib, doimiy o‘rganib borilmoqda, aksariyat masalalar tezkorlikda hal etilmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra:

- mintaqadagi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni 2 144 tani tashkil etmoqda;

- manzilli konsullik va moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Fuqarolar rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va kanallar orqali ehtiyot choralari, aviareyslar holati hamda harakatlar algoritmi bo‘yicha muntazam xabardor qilinmoqda.

Savol: Fuqarolar ko‘proq qanday masalalarda murojaat qilmoqda?

Javob: Murojaatlar muntazam ravishda kelib tushmoqda.

Asosiy masalalar quyidagilarga taalluqli:

- evakuatsiya;

- aviareyslarning bekor qilinishi yoki boshqa sanaga ko‘chirilishi;

- vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash;

- mamlakatda qolish muddati uzayishi munosabati bilan moliyaviy qiyinchiliklar.

Dubay, Sharja va Doha aeroportlarida “Vatandosh” jamg‘armasi orqali bir guruh fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatildi.

Savol: Yaqin Sharq mintaqasidan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish va maxsus reyslar tashkil etish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq, fuqarolarimizni Vatanga qaytarish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda va yurtdoshlarimiz xavfsizligini ta’minlashni inobatga olib, doimiy hamda qo‘shimcha reyslar tashkil etilmoqda. Ishlar doimiy asosda olib borilmoqda.

Jumladan:

- Saudiya Arabistonidan tizimli evakuatsiya amalga oshirilmoqda;

- Birlashgan Arab Amirliklaridan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi repatriatsiya reyslarini amalga oshirish masalasini ishlab chiqdi;

- aviakompaniyalar bilan charter reyslarni kelishish ishlari olib borilmoqda;

- mintaqadagi aviatsiya regulyatorlari bilan muvofiqlashtirish ta’minlanmoqda.

Havo hududining yopilishi va “havo hujumi” rejimi sharoitida imkoniyatlar cheklangan bo‘lsa-da, ishlar uzluksiz ravishda olib borilmoqda.

Savol: Yaqin Sharqda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bormi?

Javob: Bugungi kun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar yo‘q.

Vaziyat doimiy nazorat ostida.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish