Muqaddas Ramazon oyida Moskvada vatandoshlar uchun iftorlik tashkil etildi
Mart 04, 2026. 15:07 • 3 daq
• 165MOSKVA, 4-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi diplomatlari Rossiyaning “Antek” MChJ qurilish kompaniyasi hududida mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar uchun iftorlik uyushtirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ushbu korxonada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz hamda O‘zbekistondan maxsus kelgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida Elchixona vakillari va imom-xatib muborak Ramazon oyi munosabati bilan o‘zbekistonliklarga respublika rahbariyati nomidan tabrik yo‘lladi. So‘zga chiqqanlar tomonidan musofirchilikda turli qiyinchiliklarni yengib, xorijda halol mehnat qilib, oilasini halol daromad bilan ta’minlayotgan yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda muqaddas oyni munosib o‘tkazish, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash va xayriya tadbirlarini tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Bunda chet eldagi fuqarolarning buzg‘unchi g‘oyalar bilan bog‘liq faoliyatga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning turli diniy oqimlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish zarurligi alohida jihat sifatida muhokama qilindi.
Iftorlik ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentiga ayni paytda xorijda bo‘lib turgan har bir vatandoshimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
O‘tkazilgan iftorlik nafaqat muqaddas oyga bag‘ishlangan ma’naviy tadbir, balki davlat va yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, davlatning xorijdagi fuqarolarga bo‘lgan yuksak e’tiborini namoyish etish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Sobirjon Yo‘ldoshev:
– Assalomu alaykum. Men Moskvadagi qurilish firmasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayman. Firmamizda 700 nafardan ortiq xodim ishlaydi. Ularning aksariyati O‘zbekiston fuqarolaridir. Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbekistonlik vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi. Ushbu iftorlikda o‘zbekistonliklar bilan birga boshqa davlatlar vakillari ham ishtirok etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Baxtiyor Boltaboyev:
– Assalomu alaykum. Men asli Namangandanman. “Antek” firmasida ishlayotganimga bir yildan oshdi. Bugun O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida ushbu firma ishchilari uchun iftorlik tashkil etildi. Bugungi tadbirdan hamma juda xursand bo‘lib, minnatdorligini bildirmoqda. Bunday tadbirlar kelgusida ham o‘tkazilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Oilasidan uzoqda bo‘lganlar uchun bu katta e’tibor va qo‘llab-quvvatlash belgisidir. Ushbu tadbirni tashkil etishga tashabbus ko‘rsatgan Prezidentimizga, Elchixona xodimlariga va barcha o‘zbekistonliklarga firmamiz nomidan katta rahmat aytamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





