Britaniyada o‘zbek diniy ulamolari ishtirokida turli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda
Mart 04, 2026. 20:20 • 2 daq
• 106LONDON, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari London shahriga tashrif buyurib, bu yerda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan qator ma’naviy-ma'rifiy uchrashuvlar o‘tkazmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diniy ulamolarimizning ushbu tashrifi xorijda yashab, mehnat qilayotgan yurtdoshlar bilan muloqot o‘rnatish, ularning holidan xabar olish hamda muqaddas oyda birdamlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb edi.
Uchrashuvlar doirasida imomlar vatandoshlar tomonidan tashkil etilayotgan iftorlik tadbirlarida ishtirok etdi. Vatandoshlar o‘rtasidagi muloqot jarayonida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Muqaddas islom dinining insonparvarlik, bag‘rikenglik va ezgulikka chorlovchi g‘oyalari haqida fikr almashildi.
Suhbat davomida oila muqaddasligi, ota-onaning jamiyat va farzand tarbiyasidagi o‘rni, yosh avlodni milliy va ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi muhim mavzularga alohida e’tibor qaratildi. Xorijda milliy o‘zlikni yo‘qotmaslik, har xil yod g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik, farzandlarga ona tili va milliy an’analarni o‘rgatish masalalari e’tiborsiz qolmadi.
Tadbirlar Britaniyada yashab kelayotgan o‘zbek jamoasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uchrashuvlarda turli yoshdagi vatandoshlar ishtirok etmoqda. Ular yurtimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlar uchun minnatdorchilik bildirmoqda.
Tashrif doirasida imomlarning Birmingem, Manchester hamda vatandoshlar ko‘p istiqomat qilayotgan boshqa shaharlarga safarlari ham rejalashtirilgan. U yerlarda ham iftorliklar, ma’rifiy suhbatlar va ochiq muloqotlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur uchrashuvlar nafaqat diniy-ma’rifiy ahamiyatga, balki ijtimoiy jihatdan ham muhimdir. Ular xorijdagi o‘zbek jamoatchiligi o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrash va yurt bilan ma’naviy bog‘liqlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

