Turkiya Prezidenti: Har bir oilada kamida uch nafar farzand bo‘lishi kerak
Yanvar 12, 2026. 11:07 • 56 soniya
• 88
ANQARA, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Istanbuldagi “Xane” islom sanʼati ko‘rgazmasining ochilishidagi nutqi chog‘ida oilalarni kamida uch nafar farzand ko‘rishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “TRT Haber” telekanaliga tayanib.
“Men aytayapman: kamida uch nafar farzand. Albatta, bu kuchli oila uchun zarur. Biz avlodimizni ko‘paytirishimiz kerak. Bu avlod ulg‘ayishi lozim”, — dedi Turkiya yetakchisi o‘z oilasida to‘rt nafar farzand va to‘qqiz nafar nabira borligini eslatib.
Prezident aholi o‘sishi nafaqat ijtimoiy zarurat, balki maʼnaviy burch ekanini taʼkidladi. U, shuningdek, hatto yaqin insonlar davrasida ham oilada farzandlar sonini oshirishga nisbatan shubha bilan qarash holatlari tez-tez uchrayotganidan afsusda ekanini bildirdi.
Turkiya statistika instituti (TÜİK) maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakatda tug‘ilish koeffitsiyenti 2024 yilda tarixiy minimal darajaga — bir ayolga 1,48 nafar farzandgacha tushib ketgan. Rivojlangan mamlakatlarda aholining tabiiy o‘sishi uchun bu ko‘rsatkich kamida 2,1 ni tashkil etishi kerak.
Qayd etilishicha, istiqbolda Turkiya yoshlar yetishmovchiligi, jumladan, harbiy xizmatni o‘tash masalasida muammolarga duch kelishi mumkin. Hozirda 65 yoshdan oshgan fuqarolarning ulushi aholining 10 foizidan oshib ketgan.
“Anadolu” agentligi fotosurati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi