O‘zbekiston va Hindiston aviaparvozlar sonini oshirmoqda va ularning geografiyasini kengaytirmoqda
Yanvar 12, 2026. 08:15 • 2 daq
• 6
DEHLI, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning yirik xususiy aviakompaniyasi hisoblangan «Centrum Air» 2026-yilgi yozgi mavsumdan boshlab Hindiston yo‘nalishidagi parvozlar geografiyasini kengaytirishini maʼlum qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Joriy yil 30 martdan boshlab mazkur aviakompaniya Toshkent – Haydarobod yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar Airbus A320 havo kemalarida haftasiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, aviakompaniya 29 martdan boshlab Toshkent – Dehli yo‘nalishidagi haftalik parvozlar sonini uchtaga yetkazishni nazarda tutmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni sezilarli darajada oshdi.
Bugungi kunda mamlakatimiz poytaxtini Dehli va Mumbay shaharlari hamda Goa shtati bilan o‘zaro bog‘lovchi parvozlar soni haftasiga 17 tani tashkil etmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi havo ko‘prigini «Uzbekistan Airways», «Centrum Air» va Hindistonning “IndiGo” aviakompaniyalari taʼminlab kelmoqda.
Parvozlar sonining ortishi va yangi yo‘nalishlarning ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, ilmiy-akademik va taʼlim sohasidagi almashinuvlar, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida sayyohlar oqimi ham barqaror o‘sish surʼatlarini ko‘rsatmoqda. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda 80 mingdan ortiq hindistonlik sayyoh O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 2026-yilda yangi aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida ushbu ko‘rsatkich yana-da yuqorilashi va turistik almashinuv yangi bosqichga chiqishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi