Logo

AQSH va Rossiya prezidentlari telefon orqali Ukraina va Eron haqida suhbatlashdi

Aprel 30, 2026. 10:55 • 2 daq

397
AQSH va Rossiya prezidentlari telefon orqali Ukraina va Eron haqida suhbatlashdi

VASHINGTON, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The New York Times” gazetasiga tayanib.

Uzoq davom etgan muhokama davomida tomonlar yaqin kunlarda Ukrainada qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgan.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov maʼlum qilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi Ikkinchi jahon urushi yakunlanganini nishonlash sanasi, 9-may – G‘alaba kuniga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biroq u aniq muddatlar qachon boshlanishi yoki qancha davom etishini ochiqlamagan.

Rossiya tomonining aytishicha, Vladimir Putin Donald Tramp bilan muloqotda G‘alaba kuni munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatishni eʼlon qilishga tayyor ekanini bildirgan. Donald Tramp ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Amerika yetakchisi Oq uyda jurnalistlarga: “Men bir muddat o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildim va menimcha, u buni qila olardi. Shuncha odam halok bo‘lyapti – bu bemaʼnilik”, degan.

O‘z navbatida, Ukraina tomoni Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin AQSH va Rossiya prezidentlari nimani muhokama qilganini aniqlashi kerakligini aytdi. Shu oy boshida Moskva va Kiyev pravoslav Pasxasi munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan, biroq tomonlar bir-birini ko‘plab qoidabuzarliklarda aybladi.

Davlat rahbarlari telefon orqali muloqot chog‘ida Eron atrofidagi vaziyatni ham muhokama qildi. Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin AQSHning Eronga nisbatan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori to‘g‘ri ekanini va muzokaralarga imkoniyat berishini aytgan.

“Vladimir Putin AQSH va Isroil zo‘ravonlik harakatlariga qo‘l ursa, nafaqat Eron va uning qo‘shnilari, balki butun xalqaro hamjamiyat uchun o‘ta zararli oqibatlar olib kelishi mumkinligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, Eron hududida quruqlikdagi operatsiya mutlaqo nomaqbul va xavfli tanlov ekanini taʼkidladi”, dedi Rossiya yetakchisi vakili.

“The Associated Press” agentligisurati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish