Logo

BAA 1-maydan boshlab dunyoning yetakchi neft qazib oluvchi mamlakatlarini birlashtiruvchi OPEK va OPEK+ni tark etadi

Aprel 29, 2026. 11:25 • 3 daq

121
BAA 1-maydan boshlab dunyoning yetakchi neft qazib oluvchi mamlakatlarini birlashtiruvchi OPEK va OPEK+ni tark etadi

ABU-DABI, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) energetika vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy OPEKdan chiqish to‘g‘risidagi qaror energetika strategiyalarini sinchkovlik bilan tahlil qilgandan so‘ng qabul qilinganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Agentlikning BAA OPEKning amaldagi yetakchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni bilan maslahatlashganmi, degan savoliga u BAA bu masalani boshqa hech bir davlat bilan ko‘tarmaganini aytdi. Mamlakat 1-may kuni rasman guruhdan chiqadi.

“Bu siyosiy qaror, u ishlab chiqarish darajasi bilan bog‘liq joriy va kelajakdagi siyosatni sinchkovlik bilan tahlil qilgandan so‘ng qabul qilindi”, ­dedi vazir va bu qadam bozorga sezilarli taʼsir ko‘rsatmasligini qo‘shimcha qildi.

OPEKga aʼzo bo‘lgan Ko‘rfaz neft va gaz ishlab chiqaruvchilari allaqachon AQSH va Isroilning Eron bilan urushidan oldin dunyodagi barcha neft yetkazib berishning beshdan bir qismi o‘tgan Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Biroq, “Reuters” maʼlumotlariga ko‘ra, BAAning OPEKdan chiqishini tashkilotni neft narxini oshirish orqali “dunyoning qolgan qismini aldashda” ayblagan AQSH prezidenti Donald Tramp uchun g‘alaba deb atash mumkin.

OPEK 1960 yilda besh davlat – Eron, Iroq, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Venesuela tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi tashkilot aʼzolari uchun barqaror daromadlarni taʼminlash maqsadida qazib olishni muvofiqlashtirish edi. “Kartel”ga aʼzo davlatlar soni yillar davomida o‘zgarib kelgan, biroq unga besh taʼsischi davlatdan tashqari Jazoir, Ekvatorial Gvineya, Gabon, Liviya, Nigeriya va Kongo Respublikasi ham kiradi. BAA OPEKga 1967-yilda qo‘shilgan va ular chiqib ketganidan keyin guruhda 11 aʼzo qoladi.

BAA qarori neft bozoriga qanday taʼsir qiladi?

OPEK 60 yildan ortiq vaqt davomida ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish orqali narxlarning keskin o‘zgarishini jilovlab, jahon neft bozorining asosiy regulyatori bo‘lib kelmoqda. Narxlar pasaygan davrlarda, masalan, COVID pandemiyasi davrida, mamlakatlar ishlab chiqarishni qisqartirdi, o‘sganda esa uni ko‘paytirib, o‘z byudjetlarining daromadlarini taʼminladi.

BAA kartel ichidagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, ularning chiqishi mavjud tartibga solish tizimini zaiflashtirishi mumkin.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, BAA qarori uzoq vaqtdan beri tayyorlanayotgan edi. Mamlakat qazib olish quvvatlarini oshirishga faol sarmoya kiritdi va moslashuvchan siyosatga intildi, OPEK kvotalari esa bu o‘sishni cheklab qo‘ydi. Kartel ichidagi kelishmovchiliklar va alohida ishtirokchilar tomonidan kelishuvlarga notekis rioya qilinishi qo‘shimcha omil bo‘ldi.

Mamlakat qarori, Jahon bankining Yaqin Sharqdagi urush tarixdagi eng katta neft yetkazib berish yo‘qotishlariga olib kelgani haqidagi ogohlantirishi fonida qabul qilindi. Bank maʼlumotlariga ko‘ra, bu yil energiya narxlari o‘rtacha to‘rtdan bir qismga oshadi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini urushdan oldingi darajaga qaytarish uchun kamida olti oy kerak bo‘lishi mumkin.

“Aholining eng kambag‘al qatlamlari eng ko‘p zarar ko‘radi, chunki ular daromadlarining katta qismini oziq-ovqat va yoqilg‘iga sarflaydi” dedi Jahon banki guruhi bosh iqtisodchisi Indermit Gill.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish