Malayziya Qirolichasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi
May 04, 2026. 12:25 • 2 daq
• 193
KUALA-LUMPUR, 4-may /“Dunyo” AA/. Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiyaning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya texnologiya universitetining faxriy raisi sifatida tashrif buyurgan Qirolichaning xizmat safari “Bernama”, “The Star”, “New Straits Times”, “Astro Awani”, “The Sun” kabi Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy sahifalarda keng yoritilmoqda.
Materiallarda qayd etilishicha, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya 3-may kuni O‘zbekistonga yetib kelgan. Oliy darajadagi mehmonni Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozxon Karimova hamda Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev kutib oldi.
Tashrif davomida Qirolicha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy anʼana: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etadi.
Shu bilan birga, oliy darajadagi mehmon mamlakatimizning boy islomiy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand shahriga boradi.
Malayziyaning musulmon aholisi tomonidan alohida hurmat va ehtirom qilinadigan manzil hisoblangan Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasiga safar tashrif dasturidan muhim o‘rin egallaydi.
Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiyaning O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro birodarlik va hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi