Nufuzli London universiteti bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Yanvar 05, 2026. 09:25 • 46 soniya
• 287
LONDON, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov London universiteti Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi rektori, professor Adam Habib bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
1916-yilda tashkil etilgan mazkur dargohda bugungi kunda 7 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Ularga 1,2 mingga yaqin professor-o‘qituvchi saboq beradi.
SOAS London universitetining mustaqil oliy taʼlim muassasasi bo‘lib, Londonda to‘rtta akademik kampus va kutubxonaga ega. Universitet Hindiston, Bangladesh, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlari bilan qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshiradi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar, Sharq va Afrika tillari bo‘yicha kurslari mavjud.
Uchrashuvda Adam Habib O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Xususan, tashkilot istiqbolli taʼlim loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma diplom dasturlarini yaratish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar va kasbiy rivojlanish sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan muloqot olib borishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi