O‘zbekiston va Pokiston huquqni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Yanvar 02, 2026. 12:02 • 2 daq
• 191
ISLOMOBOD, 2-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Xurram Og‘a bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari oliy darajadagi ishonch va do‘stlikka asoslangani taʼkidlandi. Ikki davlat o‘rtasida siyosiy muloqot, madaniy-gumanitar almashuv jarayonlari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat sohalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Huquqni muhofaza qilish faoliyati borasida bitimlar, aniq va manzilli loyihalarni amalga oshirishning ahamiyati urg‘ulandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik va giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo ishchi uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi. Jamoat tadbirlari va turistik obyektlarda xavfsizlikni taʼminlash hamda kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Pokiston ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammad Xurram Og‘a O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlarni yuqori baholadi. U O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rahbariyatini Pokistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi. Qayd etilishicha, o‘zaro tashrif almashinuvlari huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda o‘zaro ishonchli munosabatlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz. Uchrashuv tashkil etilsa, ikki mamlakatning tegishli idoralari vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni faollashtirish istiqbollarini muhokama qilishimiz mumkin, – dedi Muhammad Xurram Og‘a. – O‘zbekiston, xususan Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xiva shaharlarining boy tarixiy merosi haqida juda ko‘p maʼlumotlarga egaman. Bundan 14 yil avval O‘zbekistonga borganman va yurtingiz haqida iliq xotiralar saqlanib qolingan. O‘zbekistonga yana bir bor tashrif buyurish istagim ham yo‘q emas”.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida turistlar oqimini oshirish, sayyohlarga qulayliklar yaratish, xususan, viza tartiblarini soddalashtirish, “E-Visa” tizimini joriy etish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida mamlakatlarmiz o‘rtasida huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi