O‘zbekistonning hunarmandchilik va turizm mahsulotlari Xitoyning Xaynan provinsiyasida keng namoyish etilmoqda
Aprel 21, 2026. 12:35 • 2 daq
• 182XAYKOU, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Xaykou shahrida bo‘lib o‘tgan “China International Consumer Products” ko‘rgazmasida o‘zbek milliy stendi namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy hunarmandchilik, to‘qimachilik mahsulotlari va yurtimizning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlab bezatilgan O‘zbekiston pavilyoni ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, yuqori sifat va nafis did bilan yaratilgan kulolchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi va charmsozlik mahsulotlari xaridorlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Ko‘rgazma doirasida mahalliy va xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari yuzasidan batafsil maʼlumotlar berildi. Sayyohlik va eksport yo‘nalishlarida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha istiqbolli takliflar taqdim etildi. Bu kabi ishtirok “Made in Uzbekistan” brendini Xitoy bozorida yana-da mustahkamlash va mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Mazkur ko‘rgazma har yili XXR Tijorat vazirligi va Xaynan hukumati ko‘magida o‘tkaziladi. U Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi eng yirik isteʼmol tovarlari ko‘rgazmasi bo‘lib, texnologik innovatsiyalar va isteʼmolchilar tendensiyalarini namoyish etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Maʼlumot o‘rnida, 2025-yilgi ko‘rgazmada 70 ta mamlakatdan 1700 ta kompaniya ishtirok etgan va bitimlarning umumiy miqdori 12,6 milliard dollarni tashkil etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


