Logo

Londonda Britaniya texnologik kompaniyasining innovatsion yechimlarini O‘zbekiston energetikasida joriy etish istiqbollari muhokama qilindi

Aprel 23, 2026. 14:55 • 2 daq

146
Londonda Britaniya texnologik kompaniyasining innovatsion yechimlarini O‘zbekiston energetikasida joriy etish istiqbollari muhokama qilindi

LONDON, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Buyuk Britaniyaning “Camlin Group” kompaniyasi ijrochi direktori Piter Kanningem bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi innovatsion hamkorlikni yana-da rivojlantirish, xususan, energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

“Camlin Group” vakillari kompaniya faoliyati hamda uning zamonaviy texnologik yechimlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kompaniya elektr tarmoqlari va temiryo‘l infratuzilmasini xavfsiz, samarali va barqaror boshqarishga qaratilgan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Ushbu texnologiyalardan foydalanish elektr tizimlaridagi ehtimoliy nosozliklarni oldindan aniqlash, texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirish va umumiy samaradorlikni oshirish imkonini beradi.

Suhbat davomida Britaniya tomoni O‘zbekistonning energetika va temiryo‘l sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlari va modernizatsiya jarayonlarini yuqori baholadi. Kompaniya ushbu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bilan bevosita va uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar aniq loyihalarni ishlab chiqish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va tajriba almashish yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

“Camlin Group” – 2008-yilda Shimoliy Irlandiyada tashkil etilgan xalqaro texnologiya kompaniyasi bo‘lib, energetika va temiryo‘l infratuzilmalari uchun innovatsion muhandislik va raqamli yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Hozirgi kunda kompaniya 600 nafardan ortiq xodimga ega va dunyoning 20 ga yaqin mamlakatida mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish