Logo

Tojikistondan munosabat: Markaziy Osiyo davlatlari ekologik masalalarni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab, hamkorlikni kuchaytirmoqda

Aprel 25, 2026. 11:25 • 2 daq

63
Tojikistondan munosabat: Markaziy Osiyo davlatlari ekologik masalalarni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab, hamkorlikni kuchaytirmoqda

DUSHANBE, 25-aprel. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi huzuridagi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yig‘ilishidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– Ekologik muammolar va global iqlim o‘zgarishi bugungi kunda butun dunyo oldida turgan eng jiddiy chaqiriqlardan biridir. Bu muammolarni hal qilish uchun barcha davlatlarning hamkorligi va birgalikdagi harakati zarur.

O‘zbekiston yetakchisining Ostona shahrida ekologik sammitdagi nutqini diqqat bilan tingladim. Prezident Shavkat Mirziyoyev global ekologik hamjihatlik zaiflashayotgani haqida jiddiy tashvish bildirgan. Xususan, iqlim o‘zgarishiga eng kam taʼsir ko‘rsatgan davlatlar ham uning og‘ir oqibatlarini o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘layotgani qayd etgan.

Mavjud ilmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda harorat dunyo o‘rtachasiga nisbatan ikki barobar tez ko‘tarilmoqda. Shu bilan birga, mintaqadagi muzliklarning deyarli uchdan bir qismi erib bo‘lgan va suv resurslari tanqisligi tobora kuchaymoqda.

Shu sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari ekologik masalalarni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab, hamkorlikni kuchaytirmoqda. Hozirda “Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi”, iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi hamda barqaror rivojlanishga qaratilgan ekologik dasturlar amalga oshirilmoqda. Ostona sammitida esa “Markaziy Osiyoning ekologik hamjihatligi” deklaratsiyasi qabul qilindi.

Bu jarayonlar mintaqa davlatlari o‘rtasida yagona qarash – “Barqaror kelajakka umumiy yondashuv” shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarining birdamligi va masʼuliyati ortib borayotganidan dalolatdir.

Alohida eʼtibor O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan takliflarga qaratildi. U jami sakkizta amaliy tashabbusni ilgari surdi. Ular orasida eng muhimi – Markaziy Osiyo uchun yagona investitsion iqlim loyihalari portfelini yaratish g‘oyasidir.

Bu taklif mintaqa davlatlarini alohida-alohida loyihalar emas, balki yagona strategiya asosida harakat qilishga undaydi. Bu esa xalqaro hamkorlarning ishonchini oshiradi va mintaqaning global maydondagi mavqeini mustahkamlaydi.

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda ekologik siyosat yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaymoqda va umumiy maqsad – barqaror, yashil va xavfsiz kelajakni taʼminlashga qaratilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish