Rossiyada o‘zbekistonlik ishchilarning 2 million rubldan ortiq ish haqi undirib berildi
Aprel 05, 2026. 15:30 • 2 daq
• 146
TOBOLSK, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari Tyumen viloyatining Tobolsk shahrida bo‘lib, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xizmat safari davomida “IJPROSERVIS” YATT va “SADKOM” MCHJda ishlayotgan 100 dan ortiq fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi. Muloqot chog‘ida diplomatlar konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatib, pasport rasmiylashtirish va migratsiya qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha tushuntirishlar berdilar. Shuningdek, hamyurtlarimizga turli yot g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmaslik, ogoh bo‘lish va harbiy kompaniyalar safiga yollanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida alohida uqtirildi.
Vatandshlarimizning murojaatlari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida “SADKOM” MCHJ tomonidan 26 nafar hamyurtlarimizning fevral va mart oylari uchun ish haqi asossiz ravishda ushlab qolingani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan obyektning bosh pudratchisi “SIBUR” MCHJ rahbariyati va bevosita ish beruvchilar ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi. Muloqot yakunida ish beruvchilar ish haqi to‘lanmaganini tan olib, mavjud qarzdorlikni bartaraf etishga kelishildi.
Muzokaralar natijasida 26 nafar o‘zbekistonlik ishchining jami 2 million rubl miqdoridagi maoshi hisoblanib, yaqin kunlarda ularning bank hisob raqamlariga o‘tkazib berilishi taʼminlandi. Bundan tashqari, avvalroq mazkur tashkilotdan ish haqini ololmay ketgan yana 80 nafarga yaqin fuqaroning qarzdorliklari ham yaqin hafta ichida to‘lab berilishi bo‘yicha qatʼiy kelishuvga erishildi.
Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi vakillari fuqarolarning yashash va ish sharoitlarini ko‘zdan kechirib, ish beruvchilar bilan kelgusida bu kabi muammolar takrorlanmasligi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordilar. Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston hukumati xorijdagi o‘z fuqarolarining manfaatlarini himoya qilish va ularning halol mehnati uchun munosib haq olishini taʼminlashni ustuvor vazifa deb biladi.
Bu kabi sayyor tadbirlar va tezkor choralar Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning huquqiy himoyasini kuchaytirish hamda ularning ijtimoiy masalalarini joyida hal etish imkonini bermoqda. Navbatdagi to‘lovlarning amalga oshirilishi Bosh konsulxonaning doimiy nazoratida qolmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi