Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik logistika markazlaridan biri quriladi
Mart 05, 2026. 17:40 • 2 daq
• 87
OSTONA, 5-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkentda Ko‘p tarmoqli zamonaviy logistika markazi (MSSL) qurilishining birinchi bosqichi bo‘yicha EPC-kontrakt imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“tengrinews.kz”ga ko‘ra, mazkur loyiha Markaziy Osiyodagi eng yirik xususiy infratuzilma obyektlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Shartnoma “Silkway CA” qo‘shma korxonasi hamda Xitoyning “China Railway Construction Engineering Group” (CRCEG) kompaniyasi o‘rtasida tuzildi.
Loyihaning birinchi bosqichi uchun 84 million dollar miqdorida investitsiya kiritiladi. Umumiy maydoni 159,4 gektarni tashkil etuvchi markaz Toshkent viloyatida joylashadi. Qurilish ishlarini 2030-yilgacha to‘liq yakunlash, birinchi bosqichini esa 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
“Silkway CA” bosh direktori Daniyar Tiyesovning ta’kidlashicha, ushbu xab mintaqaning eksport salohiyatini oshirish va temir yo‘l orqali konteyner tashuvlari ulushini kamida ikki baravarga ko‘paytirishga xizmat qiladi. Yangi logistika markazi Qozog‘istonning “PTC Holding” kompaniyasi infratuzilmasini to‘ldirib, Xitoy chegarasidagi “Dostik TransTerminal” va Gruziyadagi “Poti TransTerminal” multimodal terminali bilan yagona zanjirni tashkil etadi.
Mazkur loyiha Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hukumatlararo hamkorlik doirasida amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning noyabr oyida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev ushbu markaz qurilishiga rasman start bergan edilar. Loyiha operatori sifatida “PTC Holding” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ishtirokidagi “Silkway CA” korxonasi faoliyat yuritmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi