Logo

Navro‘z – milliy anʼana va yangi hayot ramzi

Mart 05, 2026. 17:15 • 4 daq

Navro‘z – milliy anʼana va yangi hayot ramzi

Navro‘z bayrami – insoniylik, mehr-oqibat, muruvvat va mehnatsevarlik kabi qadriyatlarni o‘z ichiga olgan qadimiy umumxalq bayramlaridan biri hisoblanadi.

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida keltirilgan tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, Navro‘z bayramining uch ming yildan ortiq tarixga ega ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Navro‘zning paydo bo‘lishi quyoshning Hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi hamda kunduzning uzaya boshlashi kabi tabiat qonuniyatlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu bayramning ilmiy asoslarga ham ega ekanini ko‘rsatadi.

Navro‘z milliy qadriyatlarimizning yorqin namunasi hisoblanadi. O‘zbekistonda bayram 1990-yil 3-maydagi Prezident farmoniga asosan umumxalq bayrami, 21-mart esa dam olish kuni deb eʼlon qilindi. Keyingi yillarda Navro‘z bayramini barcha hududlarda keng nishonlash anʼanaga aylandi. Masalan, Toshkentda maxsus “Navro‘z” bog‘i foydalanishga topshirildi. Bunday maskan boshqa mamlakatlarda mavjud emas.

Navro‘z bayrami nafaqat O‘zbekistonda, balki Afg‘oniston, Albaniya, Bahrayn, Eron, Hindiston, Iroq, Livan, Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Suriya, Tojikiston, Turkiya va Turkmanistonda ham keng nishonlanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Navro‘z o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda”.

2009-yilda Navro‘z bayrami YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi. 2010-yilda esa BMT Bosh Assambleyasi 21-martni – Xalqaro Navro‘z kuni deb eʼlon qildi. Bu rezolyutsiyada Navro‘zning xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirishda, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlangan.

Navro‘z dasturxoniga pishiriladigan ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, halim, sumalak va boshqa taomlar darmondori bo‘lishi bilan birga, uni pishirish jarayonida ham bir olam zavq bag‘ishlaydi.

Sumalak sayli – Navruz bayramining uzviy bir qismi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga ega bo‘lgan tadbirdir. Sumalak Navro‘zning shoh neʼmati bo‘lib, shifobaxsh va tansiq taom hisoblanadi. Baʼzi maʼlumotlarga ko‘ra, sumalakning tarixi 3000 yildan oshiq bo‘lib, Navro‘z bayrami boshlanishidan tayyorlab kelinadi. Amir Temur davriga oid tarixiy manbalarda ham sumalak sayli bilan bog‘liq anʼanalar Navro‘z bayramining tarkibiy qismlaridan biri sifatida urg‘ulanadi. Bunday sayillar qir-adirlarda, bog‘larda, shaharlarning katta maydonlarida, muqaddas qadamjolarda, mahalla guzarlarida o‘tkazilib, hafta va oylab davom etgan.

Butun mahalla ishtirokida tayyorlangan sumalak ko‘pchilikka ulashib chiqilgan. Odamlar sumalakni tatib ko‘rishdan avval, bahorga yetkizganiga shukr qilib, yilning yaxshi, barakali kelishini tilab duolar qilgan. Sumalak sayli turli tomosha-bazmlarga ulangan.

Odatga ko‘ra, har biri kishi yaxshi niyat bilan sumalak pishayotgan doshqozonni kavlashi lozim. Sumalak sayli bilan bog‘liq urf-odat va anʼanalar xalqimiz orasida bugungi kungacha keng qo‘llaniladi.

Yana bir odatlardan biri lola saylidir. Ushbu sayil anʼanaviy xalq saylining qadimiy namunalaridan biridir. Asosan, Farg‘ona vodiysida, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarining lola va qizg‘aldoq ko‘p ochiladigan adirli, tog‘li hududlarida o‘tkaziladi.

Xulosa qilib aytganda, sumalak sayli Navro‘z bayramining ajralmas qismi sifatida xalqimizning ko‘p asrlik milliy va maʼnaviy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan anʼanaviy tadbirdir. U nafaqat bahor faslining kirib kelishini nishonlash, balki insonlarni birlashtirish, mehr-oqibat, saxovat va ezgu niyatlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Sumalak atrofida jam bo‘lish, duo qilish va uni barchaga ulashish xalqimizning hamjihatlik va bag‘rikenglik fazilatlarini namoyon etadi. Shuningdek, lola sayli va guli surx sayli kabi bahoriy sayillar ham tabiat uyg‘onishi, mehnat mavsumining boshlanishi va go‘zallikni qadrlash anʼanalarini ifoda etadi. Bu kabi qadimiy urf-odat va sayillar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmay, milliy o‘zlikni asrash va avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.

Navro‘z bayramining jamiyat hayotidagi ahamiyati bir necha jihatda ko‘zga tashlanadi.

Birinchidan, anʼana va qadriyatlarni saqlash: bayram asrlar davomida shakllangan anʼana va qadriyatlarni kelajak avlodga yetkazishga hissa qo‘shadi. Ushbu bayram dunyo miqyosida targ‘ib qilinish orqali insoniyat nomoddiy madaniy merosini boyitadi.

Ikkinchidan, insoniy fazilatlarni tarbiyalash: umumxalq bayrami birdamlik, mehr-oqibat kabi fazilatlarni kuchaytirib, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va tinchliksevarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Uchinchidan, madaniy hamkorlikni rivojlantirish: yangi yil fasli turli xalqlar o‘rtasida madaniy hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.

Navro‘z – bu umrboqiy maʼnaviy qadriyatlarni, xalq anʼanalarini va insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bayramdir. U nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyoda, Kavkaz va boshqa mamlakatlarda keng nishonlanadi. Navro‘z bayrami ahamiyatini yo‘qotmay, kelajak avlodga ham ilmiy asoslarga va madaniy merosga boy bayram sifatida yetkazish — xalqning masʼuliyati hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish