Logo

“Travel Tomorrow”: O‘zbekistonda AQSh fuqarolariga 30 kungacha vizasiz kirishga ruxsat berildi

Yanvar 11, 2026. 11:25 • 2 daq

108
“Travel Tomorrow”: O‘zbekistonda AQSh fuqarolariga 30 kungacha vizasiz kirishga ruxsat berildi

BRYUSSEL, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning “Travel Tomorrow” nashrida “Amerikaliklar 2026-yildan O‘zbekistonga vizasiz sayohat qilishi mumkin” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Kamilla Van Peombrukning taʼkidlashicha, O‘zbekiston 2026-yil 1-yanvardan boshlab, AQSh fuqarolari uchun viza talablarini bekor qildi va ularga 30 kungacha vizasiz kirishga ruxsat berdi. Bu qoida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 3-noyabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi farmonni 2025-yil 15-mayda imzolagan bo‘lsa-da, yangi qoidalar qachon kuchga kirishi aniq belgilanmagan edi. 2025-yil 3-noyabrda qabul qilingan farmon bilan yangi rejimning rasmiy boshlanish sanasi - 2026-yil 1-yanvar etib belgilandi.

Maqolada yozilishicha, yangi siyosat ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ishbilarmonlik, akademik va madaniy almashinuvlarni kengaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Vizasiz rejim AQSh fuqarolariga O‘zbekiston bo‘ylab erkin sayohat qilish, uning boy tarixiy merosi bilan tanishish, mamlakatning sarmoyaviy va sayyohlik imkoniyatlarini o‘rganish imkonini beradi.

Ilgari turistik maqsadlarda sayohat qilayotgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar qonuniy vasiy hamrohligida O‘zbekistonga vizasiz kirishlari mumkin edi. Bunda bo‘lishning maksimal muddati 90 kunni tashkil etardi. Bundan tashqari, 55 yosh va undan katta sayohatchilar mamlakatga 30 kungacha vizasiz turistik maqsadlarda tashrif buyurish huquqiga ega edi.

Endi bu tizim bekor qilindi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab AQShning barcha fuqarolari, yoshidan qatʼiy nazar, O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi. Yaʼni endilikda mamlakatga kirish uchun na viza, na elektron viza va na taklifnoma kerak bo‘ladi.

Ushbu qadam O‘zbekistonning 2030-yilga borib, 15 million xorijiy sayyohga erishish bo‘yicha strategiyasining bir qismidir. Xorijlik ekspertlarning taʼkidlashicha, 2024-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, viza cheklovlari turizm rivojiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston 2025-yil oktyabr oyida Yaqin Sharqning oltita davlati: Bahrayn, Qatar, Quvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Iordaniya uchun vizasiz rejimni joriy etdi.

Viza siyosatidagi o‘zgarishlardan tashqari, O‘zbekiston marketing kampaniyalarini faol rivojlantirmoqda. Buyuk ipak yo‘lidagi tarixiy shaharlar, jumladan, Buxoro, Xiva va Samarqandni targ‘ib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ikkala strategiya ham ijobiy natijalar bermoqda. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonga 8,2 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 25 foizga ko‘pdir. 2025-yil oxiridan boshlab mamlakat rasman dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlari qatoriga kirdi va global sayyohlik xaritasida o‘z mavqeini jadal mustahkamlayotganini tasdiqlandi.

BMTning Butunjahon turizm tashkilotimaʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida xalqaro sayyohlar oqimining o‘sish surʼatlari bo‘yicha dunyoning yetakchi yettita davlati qatoriga kirgan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish