Logo

Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!

Yanvar 15, 2026. 17:22 • 13 daq

62
Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!
Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!
Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!

«Bugun sizlar bilan jahonda keskin geosiyosiy oʻzgarishlar boʻlayotgan, davlatlarning suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab paytda uchrashib turibmiz.

Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish kerakligini davrning oʻzi taqozo etmoqda»,

– dedi Prezidentimiz soʻzining avvalida.

Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025-yil koʻp jihatdan natijador boʻlganini qayd etdi.

Xususan, oʻtgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Yangi tariximizda ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etildi.

“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar sermahsul boʻldi.

Soʻnggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi.

“Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti”,

– dedi Prezidentimiz.

Xorijiy davlatlarda 2017-yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetdi.

Yigʻilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oylik ish haqi koʻpaytirilgani qayd etildi.

«Lekin barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni toʻgʻri anglab, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solyaptimi?

Diplomatik faoliyatni baholashning bitta oʻlchovi bor, u ham boʻlsa – natija!

Shu bois, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir»,

– dedi Prezidentimiz.

Endilikda elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga fuqarolarimizni yuborish ular uchun KPI boʻlishi belgilandi.

Prezidentimiz iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Zero, iqtisodiy diplomatiya – yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining asosiy poydevori hisoblanadi.

Ikki va koʻp tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari boʻyicha bitimlar imzolandi.

Tarixda birinchi bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport miqdori 33,5 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar ham keskin koʻpayib, 43 milliard dollardan oshdi.

Eʼtiborlisi, oʻtgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga koʻpaygan.

Elchilar xorijiy investorlar va yirik kompaniyalar bilan birga ishlasa, bu koʻrsatkichlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, oʻz ishlab chiqarishi deyarli yoʻq boʻlgan, ichki bozorni toʻldirish uchun 100 milliard dollarlik mahsulotni chetdan solib oluvchi Iroq mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli bozor hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, Iroqdan 150 ta yirik kompaniya Oʻzbekistonga olib kelingani ijobiy baholandi.

Ular bizdagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hayron qolganini, oldinlari Oʻzbekiston mahsulotlari toʻgʻrisida deyarli tushunchasi boʻlmaganini aytyapti. Ular Iroqda korxonalarimizning rasmiy distribyutorini ochib, Yaqin Sharq bozorlariga jadal kirib borishni reja qilyapti.

Natijada shu yilning oʻzida Iroqqa yuzlab million dollarlik mahsulotlar yetkazib berishga kelishildi.

Tegishli davlatlardagi elchilarimiz Vyetnam, Bahrayn, Portugaliya bilan ham shu tartibda ishlab, hamkorlar topishi va bu bozorlarga kirish boʻyicha ishlashi kerakligi qayd etildi.

Oʻtgan yili Yevropaga eksport 23 foizga koʻpayib, 2,3 milliard dollarga yetdi.

Lekin ayrim davlatlardagi elchilarimiz ushbu bozorlarda oʻzbek mahsuloti nomini tanitish boʻyicha natija koʻrsata olmayotgani qayd etildi.

Fransiya kimyo sanoatimiz uchun yangi eksport yoʻnalishi, Fargʻona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatidagi kimyo korxonalari uchun katta bozor ekani koʻrsatib oʻtildi.

Ushbu mamlakatdagi vakolatxonamizga Fransiyada oʻgʻitga boʻlgan talablar, ularning standartlarini Fargʻona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatidagi kimyo korxonalariga yetkazish, ushbu korxonalar rahbarlari va ularning mahsulotlarini olib borib, koʻrgazma tashkil qilish topshirildi.

Umuman, Yevropaning qishloq xoʻjaligi rivojlangan davlatlariga mineral oʻgʻit eksportini oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Iqlim oʻzgarishi va suv taqchilligi sharoitida Ispaniya qishloq xoʻjaligida katta yutuqlarga erishayotgani taʼkidlandi.

Masalan, Almeriya hududida 30 ming gektardan ziyod maydonda yaxlit issiqxonalar kompleksi tashkil qilingan boʻlib, birgina soliq tushumining oʻzi 1,5 milliard yevroga teng. Eng muhimi, bu issiqxonalar quyosh energiyasida ishlaydi, gazdan foydalanmaydi.

Ispaniyadagi elchiga ushbu davlatning qishloq xoʻjaligidagi ilgʻor tajriba va texnologiyalarini Surxondaryo va Qashqadaryoga olib kelish boʻyicha dastur qilish topshirildi.

Niderlandiya qishloq xoʻjaligi eksporti boʻyicha dunyodagi TOP-3 davlatlar qatoriga kiradi.

Issiqxonachilik yoʻnalishidagi 100 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirgan “World Horti Center” innovatsiya va bilim markaziga har yili butun dunyodan 40 mingdan ziyod mutaxassislar kelib malakasini oshiradi.

Belgiyadagi elchiga ushbu markazga kamida 100 nafar mahalliy mutaxassisni olib borib, issiqxona sohasidagi ilgʻor innovatsiya va tajribalarni oʻrganishni tashkil etish topshirildi.

Islohotlar natijasida soʻnggi yillarda yirik tadbirkorlar sinfi shakllandi.

Endi bunday tadbirkorlarga oʻz loyihalarini istiqbolli mamlakatlarda joylashtirishga koʻmaklashib, bu orqali yangi bozorlarga jadal kirib borish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Masalan, Qatar oʻzidagi erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun jozibador soliq imtiyozlari joriy qilgan, elektr energiyasi, suv va boshqa kommunal xizmatlar xarajatining 20-30 foiziga subsidiya beryapti.

Agar Qatardagi sanoat zonalarida oʻzimizni mahalliy korxonalarni ishlab chiqarishini tashkil qilsak, ushbu davlat orqali 60 million aholisi boʻlgan Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi.

Qatardagi elchi va boshqa mutasaddilarga bu borada mahalliy korxonalar bilan ishlab, loyihalarni boshlash topshirildi.

Joriy yilda Misr tajribasi asosida Kitob tumanida 5 gektardan 100 tonna “super-super elita” kartoshka urugʻligi olindi. Ushbu davlatdagi elchimiz oʻtkazgan muzokaralar natijasida misrlik investorlar buni 1 ming gektarga yetkazishga tayyor.

Misr kompaniyalaridan biri Tuproqqalʼada 2 ming gektar choʻlni foydalanishga kiritish va pivot uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish taklifini bergan. Yana bir yirik kompaniyasi gepatit “S” virusiga qarshi dori vositasini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish tashabbusini bildirgan.

Mutasaddilarga ushbu loyihalarni boshlash topshirildi.

Umuman, yangi eksport yoʻnalishi sifatida 50 dan ortiq davlatga ega, iqtisodiyoti 3 trillion dollarga teng boʻlgan Afrika qitʼasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Tashqi ishlar, Investitsiya, sanoat va savdo vazirliklari, Misr va Qatardagi elchilarga tegishli “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Bugungi geosiyosiy vaziyat oqibatida Yevropaga yuk tashish xarajati 2 karra oshgani milliy mahsulotlarimiz raqobatdosh boʻlishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bu borada Polsha Yevropa bozorlariga kirib borish uchun eng asosiy darvoza hisoblanishi, ushbu mamlakatdagi elchimiz logistika xarajatlarini qisqartirish boʻyicha takliflar bilan chiqishi kerakligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga polshalik hamkasblari bilan Brest chegara punktida Oʻzbekistonlik yuk tashuvchilar uchun alohida yoʻlak ochish masalasida kelishuvga erishish topshirildi.

Bundan tashqari, masʼul vazirliklarga Oʻzbekiston va Ruminiya hukumatlararo komissiya yigʻilishini oʻtkazib, iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish topshirildi.

Ruminiyaning Konstansa shahrida savdo uyini tashkil etib, 2026-yilda ushbu davlatga eksportni 2 karra oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Jami 90 milliard dollar toʻqimachilik mahsulotlarini import qilayotgan AQSH, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Polshada Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining vakolatxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Ushbu davlatlardagi elchilar va vakolatxonalar bilan birgalikda kamida 15 ta xorijiy sorsing kompaniya va xalqaro brendlarni Oʻzbekistonga olib kelish, 100 ta mahalliy korxona faoliyatiga “Better work”, “BCI”, “Organic” kabi dastur va standartlarni joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

Viloyatlar hokimlari elchilar bilan birga tekstil sohasidagi yirik 500 ta eksportchi korxonaning mahsulotlari namunalarini har bir elchixonada joylashtirishi muhimligi taʼkidlandi.

Umuman, elchilar loyiha topish, uni olib kelib ishga tushirishdan manfaat koʻrishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun loyihani yakuniga yetkazgan elchilarga ustama toʻlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Joriy yilda eksportni 40 milliard dollarga, investitsiyani 50 milliard dollarga yetkazish boʻyicha katta marralar olingan.

Buning uchun har bir elchi oʻzi faoliyat yuritayotgan hududning nisbiy ustunliklarini tahlil qilib, eksport, investitsiya, yangi texnologiya boʻyicha aniq maqsad va natijaga ishlashi shartligi qayd etildi.

Ayrim vazirlar va tarmoq rahbarlari chetdan grant jalb qilish boʻyicha bor imkoniyatlardan samarali foydalana olmayotgani qayd etildi. Ular elchilar yordamidan foydalanib, donor tashkilotlar bilan ishni toʻgʻri tashkil qilganida oʻtgan yili yana kamida 200-300 million dollar grant jalb qilish mumkin edi.

Xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar har yili 200 milliard dollarlik xalqaro grantlar eʼlon qilyapti.

Bu imkoniyatdan unumli foydalanish, grantlar bilan ishlash boʻyicha yangi tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Bundan tashqari, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchilar bilan birgalikda TOP-100 ga kiruvchi xorijiy oliygohlarni Oʻzbekistondagi oliygohlarga hamkor qilib olib kelish boʻyicha aniq choralar koʻrish topshirildi.

Navbatdagi ustuvor vazifa – fuqarolarimizga xorijda yuqori daromadli ish oʻrinlarini topib berish.

Ilgari fuqarolarimiz asosan 2-3 ta davlatga borib ishlagan boʻlsa, hozir tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotgani taʼkidlandi.

Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda oʻquv kurslarini tashkil etdi.

Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yoʻnalishlarida “10 ming nafar oʻzbek mutaxassisini jalb qilish” loyihasini boshladi. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Lekin qolgan mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatmayotgani qayd etildi.

Masalan, chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yoʻnalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor.

Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning oʻzida 3 ming fuqaroni oʻzlari oʻqitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyor. Yoki Shvetsiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning oʻzida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.

Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarimizni yuqori daromadli ish oʻrinlariga yuborish muhimligi taʼkidlandi.

Umuman, Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Oʻtgan yili AQSH hukumati qishloq xoʻjaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirdi.

Ushbu mamlakatdagi elchiga AQSHdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar roʻyxatiga Oʻzbekistonni kiritish boʻyicha muzokaralar oʻtkazish topshirildi.

Bundan keyin har bir viloyat hokimi ishchi kuchi qabul qiluvchi rivojlangan davlatlar hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash amaliyotini yoʻlga qoʻyishi kerakligi qayd etildi.

Umuman, har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish oʻrinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga oʻqitishga ham masʼul boʻlishi belgilandi.

Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va Oʻmon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi taʼkidlandi.

“Xorijda noqonuniy boʻlib turgan fuqarolarimiz borligi bizni tashvishga soladi”,

– dedi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan yili Rossiyada 150 mingdan ziyod fuqaroga “migratsiya amnistiyasi”ni qoʻllashga erishildi. Boshqa mamlakatlarda ham fuqarolarimizga qonuniy asosda ishlashlariga koʻmaklashish, bu borada xorijiy tomonlar bilan muzokaralarni faollashtirish, shu bilan birga fuqarolarimiz ham oʻzlari boʻlib turgan mamlakat qonunchiligi talablariga rioya qilishi lozimligi qayd etildi.

Bundan buyon migratsiya oqimi koʻpayib borayotgan davlatlar, ayniqsa, Yevropada mehnat migrantlari bilan ishlash elchixonalardagi konsullarning asosiy vazifasi boʻlishi belgilandi.

Shuningdek, chet eldagi fuqarolarimizni konsullik hisobiga qoʻyish tartibini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratiyani qisqartirish topshirildi.

Fuqarolarimizning xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uygʻotmoqda.

Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam koʻrsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”,

– dedi Prezidentimiz.

Bundan tashqari, xorijdagi yoshlarimiz yoki talabalarning turli oqimlarga qoʻshilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi taʼkidlandi.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini oʻrganib, yechimi boʻyicha ishlashi shartligi qayd etildi.

Mutasaddilarga xorijda ogʻir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimiz uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

Soʻnggi yillarda turizm sohasi iqtisodiyotning muhim va barqaror oʻsib borayotgan strategik tarmogʻiga aylandi.

Oʻtgan yili Oʻzbekistonga kelgan sayyohlarning soni keskin oʻsib, 11,5 millionga, turizm eksporti esa 4,7 milliard dollarga yetdi.

2030-yilgacha turistlar oqimini 2 karra oshirib, 20 millionga yetkazish reja qilingan. Buning uchun elchilar Turizm qoʻmitasi bilan yangicha yondashuv va tashabbus asosida ishlab, eng yirik autsorsing kompaniyalarni jalb etishi zarurligi qayd etildi.

Bu borada Rossiya, Belarus, Janubiy Koreya, Germaniya, AQSHdagi elchilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi.

AQSH, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Rossiya, Fransiya va Xitoy elchixonalarida turizm va madaniyat boʻyicha maslahatchi lavozimlari joriy etiladi. Ushbu davlatlardagi elchilarimiz mazkur imkoniyatdan samarali foydalanib, turizm oqimini 2-3 karra oshirishlari shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu yildan AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilindi. Ushbu mamlakatning 100 mingdan ortiq ishchisi boʻlgan yirik kompaniyalari bilan faol muzokara olib borib, joriy yil AQSHdan kelayotgan sayyohlar sonini 2 karraga oshirish muhimligi qayd etildi.

Ikki va koʻp tomonlama siyosiy-diplomatik aloqalarni kengaytirish, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Qoʻshilmaslik harakatiga raislik qiladi. 2035-2036-yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy boʻlmagan aʼzoligiga Oʻzbekiston nomzodi ilgari surilmoqda.

Barcha diplomatlarimiz joriy yilda ham xalqaro aloqalar jadvalida yuqori faollikni saqlab qolish, tashqi siyosiy kun tartibi yanada sermazmun boʻlishi uchun jiddiy saʼy-harakat qilishi zarurligi taʼkidlandi.

Oliy darajadagi tashriflarga bir oy qolganda emas, ancha oldin tayyorgarlik koʻrish, puxta ishlanmagan shartnomalar ertaga istiqbolsiz loyihaga aylanishi yoki investorlar yillar davomida sarson boʻlib yurishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligi qayd etildi.

Dunyoda oʻz ovozi va salohiyatiga ega boʻlgan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Indoneziya, Avstraliya, Braziliya, Kanada kabi yirik davlatlar bilan oliy darajadagi tashriflar hanuzgacha amalga oshirilmagani, aloqalar sust boʻlib qolayotgan davlatlar bilan hamkorlikni jonlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmaganiga eʼtiroz bildirildi.

Oliy darajadagi xorijiy tashriflarga tayyorgarlik sifatini oshirish, Tashqi ishlar vazirligining strategik tahlil va rejalashtirish salohiyatini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda professional diplomat kadrlarni qayta tayyorlash, istiqbolli kadrlar zaxirasini yaratish tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

“Dunyo” axborot agentligi faoliyatini ham jonlantirish, bu borada nufuzli xorijiy piar kompaniyalar, maxsus media loyihalar va yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan tizimli ishlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu jarayonda xalqaro matbuot anjumanlari va intervyular orqali Oʻzbekistonning tashqi siyosiy tashabbuslarini muntazam yetkazib borish va imijini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Prezidentimiz yurtimizda faoliyat yuritayotgan elchixonalar va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash boʻyicha ham yangicha tizimga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi.

Xorijiy elchilarni hududlarimizga taklif qilib, hamkorlikdagi ishlar koʻzdan kechirilsa, yangi loyihalar boʻyicha birgalikda takliflar tayyorlansa, maqsadga muvofiq boʻlishi aytildi.

Jahonda boʻlayotgan geosiyosiy oʻzgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar va global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta koʻrib chiqishni, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni taqozo qilmoqda.

“Soʻnggi yillardagi ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi oshib bormoqda.

Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi oʻzgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar, savdo yoʻnalishlari, texnologiyalar va energiya bozorlaridagi transformatsiyalar tashqi siyosatimizdan yanada faol, aniq maqsadli va natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni talab etmoqda”,

– dedi Prezidentimiz.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi taʻkidlandi.

“Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantigʻini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va oʻzaro bogʻliq holda aks ettirishi lozim”,

– dedi davlatimiz rahbari.

Ishlarni samarali tashkil qilish uchun elchixonalarning har biriga yiliga qoʻshimcha 100-200 ming dollardan mablagʻ berilishi belgilandi. Diplomatlarimizning xizmatlarini munosib eʻtirof etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan diplomat” faxriy unvonini taʻsis etish taklif etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish