Belgiyadan munosabat: Orol dengizidan ko‘tarilayotgan zaharli moddalar havo orqali minglab kilometrga tarqalmoqda
Aprel 23, 2026. 18:55 • 2 daq
• 501
BRYUSSEL, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Belgiyalik Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Derya Soysal “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yig‘ilishidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– So‘nggi yillarda Orol dengizi muammosi nafaqat mintaqaviy ekologik fojia, balki butun dunyoga taʼsir qilayotgan jiddiy masala sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ostona shahriga amalga oshirgan amaliy tashrifi hamda Ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi yig‘ilishida ishtiroki ushbu muammoga bo‘lgan xalqaro eʼtiborni yana-da kuchaytirdi.
Orol fojiasi faqat bir hudud bilan cheklanib qolmaydi. Men Orol fojiasi bo‘yicha olib borgan tadqiqotlarimda qiziq holatga duch keldim: qurib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan tuz va zaharli moddalar havo orqali minglab kilometrga tarqalar ekan.
Olimlarning kuzatishlariga ko‘ra, bu zararli zarrachalar hatto Grenlandiya muzliklari va Norvegiya o‘rmonlarida ham aniqlangan. Bu esa muammo qanchalik katta va xavfli ekanini ko‘rsatadi. Bunday holatlar iqlim o‘zgarishiga ham taʼsir qilib, global isish jarayonini tezlashtirishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar juda muhim ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Orolbo‘yi hududini tiklash, qurib qolgan dengiz tubida daraxtlar ekish va “yashil hudud”lar yaratish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro tashkilotlar va olimlarni jalb qilish orqali muammoga yechim topishga harakat qilmoqda. Orolni qutqarish jamg‘armasi doirasidagi uchrashuvlar ham shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Orol dengizi fojiasi endi faqat mahalliy emas, balki global muammoga aylangan. Shuning uchun uni hal qilish uchun barcha davlatlar birgalikda harakat qilishi zarur. O‘zbekistonning bu boradagi tashabbuslari esa nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi