Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Aprel 29, 2026. 14:01 • 5 daq

65
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari 10–12 baravarga oshishi mumkin

Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari miqdori 10-12 barobar oshishi mumkin. Rossiya hukumati Moliya vazirligining tegishli qonun loyihasini maʼqulladi. Narxlarning oshishi kirish, yashash guvohnomasi va fuqarolikni olish uchun taklifnomalarni rasmiylashtirishga taʼsir qiladi. Shunday qilib, chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun yashash guvohnomasini olish uchun boj 6 mingdan 30 ming rublgacha, yaʼni 400 foizga oshadi. 

Manba: Izvestiya

***

Suriyada Bashar Asad ustidan sud jarayoni boshlandi

Suriyada sobiq prezident Bashar Asad va uning hukumatida ishlagan amaldorlar ishi bo‘yicha 26-aprel kuni birinchi tinglov bo‘lib o‘tdi. Suriyadan qochib ketgan Bashar Asad va uning ukasi Maher Asad ustidan sud jarayoni sirtdan olib borilmoqda. Biroq ularning qarindoshi, sobiq xavfsizlik mulozimi Atif Najib sud zaliga qo‘li kishanlangan holda qatnashgan. Sud manbalariga ko‘ra, ushbu jarayonlar Asad, uning ukasi va Najib kabi boshqa yuqori lavozimli shaxslar ustidan o‘tkaziladigan asosiy sudlarga tayyorgarlikning boshlanishidir.

Manba: France 24

***

Buyuk Britaniya harbiy bank tashkil etmoqchi

Britaniya hukumati Shimoliy Yevropalik ittifoqchilariga qayta qurollanishni tezlashtirishda yordam beradigan “mudofaa banki”ni yaratish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. ushbu sxema Yevropa Ittifoqining qurol-yarog‘ sotib olishni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan kredit mexanizmi asosida tuzilishi mumkin. JEF (Birlashgan ekspeditsiya kuchlari) banki NATOga aʼzo o‘nta Shimoliy Yevropa davlatidan iborat alyansga arzonroq zayemlar hisobiga mudofaa loyihalarini moliyalashtirish imkonini beradi. JEF tarkibiga Buyuk Britaniyadan tashqari Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Estoniya, Latviya, Litva, Daniya, Islandiya va Niderlandiya kiradi.

Manba: The Telegraph

***

BAA OPEC tarkibidan chiqishini eʼlon qildi

Birlashgan Arab Amirliklari 28-aprel kuni Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti — OPECdan chiqishini maʼlum qildi. Qaror Eron atrofidagi urush sababli yuzaga kelgan mislsiz energetik inqiroz fonida Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar namoyon bo‘layotgan bir paytda, tashkilot uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Tashkilotning uzoq yillik aʼzosi bo‘lgan BAAning ketishi neft ishlab chiqaruvchilar guruhini sezilarli darajada kuchsizlantirishi mumkin. OPEC shu vaqtgacha geosiyosiy nizolar va ishlab chiqarish kvotalari bo‘yicha ichki ziddiyatlarga qaramay, birdamlikni saqlashga harakat qilib kelayotgan edi.

Manba: Reuters   

***

Qamchibek Tashiyevga davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi qo‘yildi

Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq deputat Qurmankul Zulushev va Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyevga davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi rasman eʼlon qilindi. Uchchala shaxsga ham ilgari ushbu ish bo‘yicha boshqa figurantlarga qo‘yilgan ayblov moddalari o‘qib eshittirilgan. Gap ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish hamda tergov tomonidan davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholanayotgan harakatlar bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar haqida bormoqda.

Manba: advokat Sherdor Abdikapparov

***

AQSHda Tramp tasviri tushirilgan pasport chiqariladi

AQSHda mustaqillikning 250 yilligi munosabati bilan prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan pasportlar chiqariladi. Shaxsni tasdiqlovchi bunday hujjatlar cheklangan miqdorda chiqariladi va Vashingtondagi pasport agentligi tomonidan beriladi. Ammo pasport onlayn tarzda yoki boshqa bo‘limlardan olinsa, standart dizayndagi hujjat taqdim etiladi. Pasportning ichki tomoniga Donald Trampning tasviri va oltin rangli imzosi tushiriladi. Orqa muqovada esa amerikalik rassom Jon Trambalning “Mustaqillik deklaratsiyasi” asaridan parcha tasvirlanadi. 

Manba: BBC

***

Moskvada qurilayotgan binodagi yong‘inda 8 kishi halok bo‘ldi 

Moskva shimolidagi qurilayotgan binoda chiqqan yong‘in oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana 13 kishi jarohatlandi. Yong‘in 2-Ambulatoriya yo‘li, 14-uy manzilidagi qurilayotgan turarjoy binosida sodir bo‘lgan. Bu elita turarjoy majmuasining qurilish maydoni hisoblanadi. Binoning ikkinchi va uchinchi qavatlari yonib ketgan.

Manba: TASS    

***

Janubiy Koreya sobiq prezidenti rafiqasining jazo muddati 4 yilga uzaytirildi

Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi Kim Gon Xi aksiyalarni manipulyatsiya qilish va poraxo‘rlik uchun 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Apellyatsiya sudi uning oldingi qamoq muddatini uzaytirdi. Apellyatsiya sudi Kim aksiyalar narxini bir guruh treyderlar bilan kelishgan holda manipulyatsiya qilganini isbotladi va quyi sudning uni oqlash haqidagi qarorini bekor qildi. Sud, shuningdek, unga 70 million von (47 ming dollar) jarima soldi va marjonni musodara qilishni buyurdi. Sobiq prezident Yun Sok Yolning rafiqasi hisoblangan Kim yanvar oyida pora olishda ayblanib, 20 oyga qamagandi, sud o‘shanda uni boshqa ayblovlardan ozod qilgan.

Manba: Reuters   

***

Vengriya hukmron partiyasi Orbanning isteʼfosiga ruxsat bermadi

Vengriyaning amaldagi bosh vaziri Viktor Orban saylovdagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z partiyasi prezidentligidan ketishni taklif qildi. Biroq Fides partiyasi rahbariyati bu taklifni rad etdi. Ikki hafta oldin bo‘lib o‘tgan saylovlarda Orban boshchiligidagi Fides partiyasi mag‘lubiyatga uchradi. Bu bilan partiyaning 16 yillik boshqaruvi yakuniga yetdi. Viktor Orban o‘zining “millatchilik harakati”ni qayta tiklashga vaʼda berdi. Shu bilan birga, u 1990-yildan beri birinchi marta parlamentdagi deputatlik o‘rnini egallamaslikka qaror qilgan.

Manba: Bloomberg 

***

Tramp Eronga qarshi uzoq muddatli blokadaga tayyorgarlik ko‘rishni topshirdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z yordamchilariga Eronga qarshi uzoq muddatli blokadaga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Oq uydagi so‘nggi yig‘ilishlarda, jumladan maxsus vaziyatlar markazida, Tramp Eron iqtisodiyoti va neft eksportiga bosimni davom ettirish maqsadida mamlakat portlarini blokada qilishni maʼqul ko‘rgan.

Manba: The Wall Street Journal  

***

Qodirovning jiyani Serbiya fuqaroligidan mahrum qilindi

Serbiya hukumati Checheniston rahbarining jiyani Yakub Zakriyevga mamlakat fuqaroligini berish to‘g‘risidagi qarorni rasman bekor qildi. Rasmiylar bu harakatni yuridik jihatdan Zakriyevning fuqaroligi “jamoat xavfsizligiga tahdid” ekani bilan izohlagan. Fuqarolikni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror bosh vazir Juro Matsut tomonidan imzolangan.

Manba: Nedeljnik

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish