Ostonada O‘zbekiston turizmi imkoniyatlari namoyish qilindi
Aprel 28, 2026. 19:35 • 2 daq
• 282OSTONA, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan Ostona shahridagi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashida O‘zbekistonning turistik salohiyati, boy madaniy merosi va milliy qadriyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda chet el diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari, yetakchi turoperatorlar, blogerlar, OAV xodimlari, xalq amaliy sanʼati ustalari, oshpazlar hamda madaniyat va sanʼat namoyandalari qatnashdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari, sohadagi islohotlar, zamonaviy infratuzilma va yangi turizm yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi. O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan videoroliklar, broshyura va targ‘ibot materiallari namoyish etildi va tarqatildi.
LED-ekranlar orqali O‘zbekistonning turistik salohiyati va amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan videomateriallar namoyish qilindi.
Tadbir doirasida “Bahor” davlat xalq raqs ansambli tomonidan milliy raqs chiqishlari namoyish etildi. O‘zbekistondan tashrif buyurgan oshpazlar milliy taomlar – sumalak va somsani tayyorlab, mehmonlarga taqdim etdi.
Qozog‘istonlik taniqli rassom, Milliy sanʼat universiteti professori Leyla Maxat tadbirni yuqori baholab, uning keng jamoatchilik va turizm sohasi vakillari o‘rtasida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga qiziqishni oshirishga hamda 2026-yilda turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





