Logo

Yapon auditoriyasiga O‘zbekistonning tarixiy shaharlari tanishtirildi

Aprel 27, 2026. 11:25 • 2 daq

359
Yapon auditoriyasiga O‘zbekistonning tarixiy shaharlari tanishtirildi
Yapon auditoriyasiga O‘zbekistonning tarixiy shaharlari tanishtirildi
Yapon auditoriyasiga O‘zbekistonning tarixiy shaharlari tanishtirildi
Yapon auditoriyasiga O‘zbekistonning tarixiy shaharlari tanishtirildi

FUKUOKA, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Fukuoka shahrida O‘zbekiston elchixonasi hamda “Hankyu Travel International Co., Ltd.” va “All Co., Ltd.” kompaniyalari hamkorligida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda elchixona diplomatlari, yapon turkompaniyalari vakillari va O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan sayyohlar qatnashdi.

Seminar davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy mehmonxonalar va infratuzilma haqida maʼlumot berildi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Termiz kabi tarixiy shaharlar, milliy madaniyat, urf-odatlar va anʼanaviy taomlar haqida taqdimotlar o‘tkazilib, videoroliklar namoyish etildi.

Uchrashuv doirasida diplomatlar yapon kompaniya vakillari – Nobuyuki Onishi, Shintaro Hey va Akixiro Suchiya bilan muzokara o‘tkazdi. Unda Yaponiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yapon turoperatorlari uchun tanishuv safarlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

“JTB” va “HIS” turkompaniya vakillari Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat sababli Misr va Turkiya kabi anʼanaviy yo‘nalishlarga bo‘lgan talab qisqarayotgani, shu munosabat bilan sayyohlar uchun nisbatan barqaror va xavfsiz yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga turlar tashkil etish imkoniyatlari o‘rganilayotganini maʼlum qildi.

Shu bilan birga, turkompaniyalar Yaponiya sayyohlik kompaniyalari uyushmasi (JATA) bilan kelishgan holda sayyohlar guruhlarini taʼminlash imkoniyati mavjudligini bildirib, Toshkent–Fukuoka–Toshkent yo‘nalishida charter aviaqatnovlar tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklifini ilgari surdi.

Yapon tomoni Markaziy Osiyoga, xususan O‘zbekistonga qiziqish ortib borayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘qligi sababli hozircha sayohatlar asosan tranzit orqali amalga oshirilayotgani aytildi. Shu bois, to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilindi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga kelgan yapon sayyohlari soni o‘tgan yilga nisbatan 175 foizga oshib, qariyb 7 ming nafarni tashkil etgan. Yil oxirigacha bu o‘sish saqlanishi kutilmoqda.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga O‘zbekiston turizmi haqida broshyura, kitob va xaritalar tarqatildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish