Yapon o‘quvchilari o‘zbek madaniyati bilan tanishdi
Aprel 28, 2026. 10:12 • 2 daq
• 157FUKUSIMA, 27-aprel. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Fukusima shahridagi “Otori” o‘rta maktabi o‘quvchilari O‘zbekiston elchixonasida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif chog‘ida elchixona vakillari mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik yo‘nalishlari va turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi. O‘quvchilarga Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi shaharlar hamda YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar haqida maʼlumot berildi.
Tadbir avvalida o‘quvchilar uchun “Siz O‘zbekistonni bilasizmi?” mavzusida viktorina tashkil etildi. Unda ishtirokchilar mamlakatimiz haqida qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishib, savol-javoblarda faol qatnashdi. O‘quvchilar o‘zbek milliy kiyimlarini kiyish, mamlakatimiz madaniyati va anʼanalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘quvchilarga O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari haqida tarqatma materiallar topshirildi. Fukusima shahar turizm boshqarmasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, yapon o‘quvchilarining O‘zbekistonga sayohatlarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
2023-yildan buyon elchixona tashabbusi bilan yaponiyalik maktab o‘quvchilarining O‘zbekistonga taʼlim sayohatlarini tashkil etish dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur Toshkent va Samarqand shaharlariga tashrif buyurish, o‘zbekistonlik tengdoshlari bilan qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashish hamda mamlakatning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishishni o‘z ichiga oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


