Logo

O‘zbekiston–Serbiya ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi

May 07, 2026. 16:25 • 2 daq

362
O‘zbekiston–Serbiya ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi

BELGRAD, 7-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Serbiya Bosh vazirining o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Serbiya savdo-iqtisodiy hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Vazirning 2026-yil fevral oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari hamda erishilgan kelishuvlarning ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishtirokchilar ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim kuchga kirgani qayd etildi. Shuningdek, imtiyozli savdo rejimiga kiritiladigan tovarlar ro‘yxatini shakllantirish ishlarini jadallashtirishga kelishib olindi.

Serbiya tomoni O‘zbekiston va Serbiyada savdo uylarini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, loyihani amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishga kirishishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi delegatsiyasining joriy yil 24-26-may kunlariga mo‘ljallangan Serbiyaga tashrifiga tayyorgarlik masalalari alohida muhokama qilindi. Safar doirasida O‘zbekiston-Serbiya biznes-forumi, B2B formatidagi muzokaralar, sohaviy vazirliklar bilan uchrashuvlar o‘tkazish va yetakchi kompaniyalar faoliyati bilan tanishish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida mudofaa sanoati, temir yo‘l infratuzilmasi, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi, kimyo sanoati, elektron tijorat va agrosanoat majmuasi sohalarida hamkorlikni yana-da rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish