Shvetsiya parlamentida O‘zbekistonning yangi iqtisodiy imkoniyatlari namoyish etildi
May 08, 2026. 12:10 • 2 daq
• 387STOKGOLM, 8-may. /“Dunyo” AA/. Shvetsiya parlamentida O‘zbekiston va Qozog‘istonning ushbu davlatdagi elchixonalari tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha parlament Do‘stlik guruhi hamkorligida biznes-seminar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Seminarda Riksdag (parlament) deputatlari, Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi, mamlakat Savdo palatasi, “Business Sweden”, “ISDP” va “UI” kabi tahliliy markazlar hamda turli kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston elchixonasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sarmoyaviy muhitni yaxshilash chora-tadbirlari, sanoat va infratuzilma loyihalarining rivojlanishi hamda xorijiy investorlar uchun imkoniyatlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.
Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya jamg‘armasi bosh direktori maslahatchisi Zaur Bek qo‘shma investitsiyalar va kapital jalb etish mexanizmlari haqida maʼlumot berdi. O‘zbekistonning Shvetsiyadagi turizm elchisi Helena Bergstryom mamlakatning sayyohlik salohiyati va turizmning asosiy yo‘nalishlari xususida so‘z yuritdi.
Shvetsiya vakillari, jumladan, parlament Do‘stlik guruhi raisi Byorn Syoder, Riksdag Sanoat va savdo qo‘mitasi raisi Tobiasa Anderssona hamda “ISDP” tahliliy instituti direktori Svante Kornella so‘nggi yillarda O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhitida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini qayd etib, Shvetsiya kompaniyalarini mamlakatdagi istiqbolli loyihalarda faolroq ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir yakunida tomonlar Shvetsiya ishbilarmon doiralari bilan amaliy hamkorlikni faollashtirish, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida muntazam biznes muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda Shvetsiyadan O‘zbekistonga biznes-missiyalar sonini ko‘paytirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



