Logo

O‘zbekiston va Turkiya “Sarp” chegara punktida haydovchilar uchun tartiblarni soddalashtirishga kelishib oldi

Aprel 07, 2026. 14:00 • 2 daq

134
O‘zbekiston va Turkiya “Sarp” chegara punktida haydovchilar uchun tartiblarni soddalashtirishga kelishib oldi

ISTANBUL, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Turkiyaning Artvin provinsiyasida joylashgan “Sarp” xalqaro nazorat-o‘tkazish punktiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur chegara punkti Turkiya va Gruziya o‘rtasidagi eng faol tranzit nuqtalaridan biri bo‘lib, Markaziy Osiyodan Yevropaga va Qora dengiz portlariga yuklarni tashishda strategik rol o‘ynaydi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ushbu punkt orqali O‘zbekistonga tegishli 3 mingga yaqin yuk avtomobili harakatlangan.

Tashrif davomida o‘zbek diplomatlari bojxona posti rahbariyati va chegara politsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida chegarani kesib o‘tish jarayonlarini tezlashtirish, raqamlashtirish darajasi, yuk tashish xavfsizligini taʼminlash va haydovchilar uchun yaratilgan sharoitlar muhokama qilindi. Turkiya tomoni ushbu hududda transport oqimini samarali boshqarish bo‘yicha joriy etilgan zamonaviy yondashuvlar haqida maʼlumot berdi.

Safar doirasida chegaraoldi hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonlik haydovchilar bilan suhbat tashkil etildi. Hamyurtlarimiz infratuzilma sifatida servis xizmatlari va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun sarflanayotgan vaqt bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qildi. Taʼkidlanganidek, ayni paytda vatandoshlarimiz tomonidan jiddiy muammolar qayd etilmagan va chegaradan o‘tish jarayonlari barqaror rejimda amalga oshirilmoqda.

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat tufayli xalqaro logistika yo‘nalishlaridagi o‘zgarishlarga qaramay, “Sarp” nazorat-o‘tkazish punkti orqali yuk tashish hajmi barqarorligini saqlab qolmoqda. Bu ushbu yo‘nalish O‘zbekiston eksport va importi uchun ishonchli tranzit koridori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Tashrif yakunida yuk tashish jarayonlarini yanada soddalashtirish va o‘zbekistonlik haydovchilar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish