O‘zbek mahsulotlarini Kuvayt bozoriga eksport qilish masalasi muhokama qilindi
Aprel 28, 2026. 09:00 • 2 daq
• 250
AL-KUVAYT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt savdo va sanoat vaziri Osama Xolid Abdulla Buday bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat davomida O‘zbekistondan Kuvaytga oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish va bu yo‘nalishda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar, ularning mavsumiy taqvimi, Kuvayt bozori uchun tayyorlangan mahsulotlar, mavjud transport koridorlari hamda Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi investitsiya loyihalari taqdim etildi.
Osama Xolid Abdulla Budayga shu yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun taklifnoma topshirildi.
Kuvayt vaziri ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron (yoki Turkiya)–Iroq orqali Kuvaytga mahsulot yetkazish transport yo‘nalishini qo‘llab-quvvatladi.
Shu bilan birga, u hozirgi geosiyosiy vaziyat tufayli Ko‘rfaz davlatlari Eron orqali keladigan yuklarga ehtiyotkorlik bilan yondashayotganini ta’kidladi. Bu Eronning Bandar-Abbos porti va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashish imkoniyatlarini cheklab qo‘ymoqda.
Osama Budayning fikricha, Kuvaytni tranzit xab sifatida ishlatib, mahsulotlarni Saudiya Arabistoni, Qatar, Bahrayn, BAA va O‘monga yetkazish mumkin. Shuningdek, havo orqali tashishda Eron hududini aylanib o‘tish xarajatlarni oshirishi va mahsulot narxiga ta’sir qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida vazirlik tomonidan O‘zbekiston uchun alohida mutaxassis ajratilishi, eng qulay, xavfsiz va arzon logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi ma’lum qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi