BMTning keksa ayollar huquqlari bo‘yicha tadbirida O‘zbekiston tajribasi namoyish etildi
Mart 26, 2026. 18:58 • 2 daq
• 228
NYU-YORK, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi BMT tomonidan o‘tkazilgan “Barcha keksa yoshdagi ayollar uchun gender tengligiga erishish va huquq hamda imkoniyatlarni kengaytirish” mavzusidagi vazirlar darajasidagi davra suhbatida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibidan Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda faoliyat yurituvchi a’zo Gulnora Marufova, Oliy sud raisining o‘rinbosari Malika Qalandarova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova o‘rin oldi.
Mazkur tadbir keksa yoshdagi ayollar huquqlarini himoya qilish va adolatli ijtimoiy hamda huquqiy siyosatni ilgari surish bo‘yicha global yondashuvlarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Davra suhbati chog‘ida ishtirokchilar keksa yoshdagi ayollar oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama qildilar. Jumladan, yoshga oid diskriminatsiya, sog‘liqni saqlash xizmatlari, ijtimoiy xizmatlar va adliya imkoniyatlaridan foydalanish borasida cheklanganlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy muhofaza va pensiya ta’minoti dasturlariga gender yondashuvni integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Oila va ayollar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda keksa yoshdagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U ijtimoiy muhofazaning huquqiy va institusional asoslarini mustahkamlash, munosib pensiya ta’minotini ta’minlash hamda keksa yoshdagi ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi keksa yoshdagi ayollar uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan milliy tajriba va tashabbuslar bilan ham o‘rtoqlashdi. Xalqaro amaliyotdagi ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va ularni milliy darajada joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining ushbu tadbirdagi ishtiroki O‘zbekistonning barcha yoshdagi ayollar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan kompleks siyosatni rivojlantirishga, keksa yoshdagi ayollarning ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini mustahkamlashga hamda xalqaro maydonda tajriba va eng yaxshi amaliyotlar bilan almashishga sadoqatini aks ettirdi.
Vazirlar darajasidagi uchrashuv keksa yoshdagi ayollar huquqlarini ta’minlash nafaqat ijtimoiy adolat masalasi, balki barqaror rivojlanish va jamiyat farovonligini ta’minlashning muhim strategik omili ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi