JIDUda “UWED Career Week 2026” karyera haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Aprel 21, 2026. 17:20 • 2 daq
• 47TOSHKENT, 21-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida anʼanaviy “UWED Career Week 2026” karyera haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir talabalarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, taʼlim tizimi va mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Haftalik doirasida talabalar va bitiruvchilar, davlat organlari, xususiy sektor, bank sohasi hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Tadbirda 40 dan ortiq yetakchi kompaniya va 20 ga yaqin davlat tashkilotining qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu esa kasbiy aloqalarni kengaytirish va ishga joylashish imkoniyatlarini yaratadi.
Ochilish marosimi doirasida “Oliy taʼlim va mehnat bozorining transformatsiyasi” mavzusida panel muhokamasi tashkil etildi.
Unda HR va inson resurslarini boshqarish sohasidagi yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi. Panel muhokamasiga JIDUning raqamli transformatsiya va iqtisodiy masalalar bo‘yicha prorektori Muzaffar Jalolov moderatorlik qildi.
Haftalikning asosiy tadbirlaridan biri — ikki kunlik bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib, unda:
-birinchi kuni xususiy va xalqaro kompaniyalar;
-ikkinchi kuni davlat tashkilotlari ishtirok etadi.
Talabalar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, dastlabki suhbatlardan o‘tish hamda karyera imkoniyatlari haqida muhim maʼlumotlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, dastur doirasida o‘quv treninglari va vorkshoplar, “Startupers School” ochilishi, Jahon iqtisodiy forumi simulyatsiyasini o‘z ichiga olgan “Global Shapers Forum” hamda bank va korporativ sektor vakillarining mehmon maʼruzalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
“UWED Career Week 2026” karyera haftaligi talabalar uchun amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning raqobatbardoshligini oshirish va muvaffaqiyatli kasbiy faoliyat boshlashlari uchun muhim platforma hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



