Logo

Toshkentda “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

Aprel 28, 2026. 14:25 • 2 daq

253
Toshkentda “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “Beauty Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

TOSHKENT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun “CAEx Uzbekistan” majmuasida go‘zallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoatining “Beauty Uzbekistan 2026” ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazma 28–30-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi va ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar va go‘zallik sanoatining professional hamjamiyatini birlashtiruvchi asosiy B2B formatdagi platforma hisoblanadi. Ko‘rgazma sohaning kosmetika mahsulotlari, ingrediyentlar, biotexnologiyalar, qadoqlash yechimlari va professional xizmatlarni o‘z ichiga olgan innovatsion ekotizimga aylanishini aks ettiradi.

Bu galgi tadbirda Italiya, Ispaniya, Koreya Respublikasi, Xitoy, BAA, Shveysariya va boshqa 15 mamlakatdan yuzdan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda. Bosh homiy – Rossiyaning “BIOGEL” kompaniyasi.

2026-yilda ko‘rgazma ko‘lami sezilarli darajada kengaydi –maydon 55 foizga kengaytirildi. Bu xalqaro qiziqishning ortib borayotgani va loyihaning mavqei mustahkamlanayotganidan dalolat beradi. Koreya Respublikasi va Polsha milliy pavilyonlari, Latviya kompaniyalarining jamoaviy ekspozitsiyasi namoyish etilmoqda.

Ekspozitsiya ikkita asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari, jumladan professional va uy parvarishi, estetik tibbiyot, apparat kosmetologiyasi va qarishga qarshi texnologiyalar segmenti.

Shu bilan birga, xalqaro ekspertlar ishtirokida mavzu yuzasidan turli sessiyalar, mahorat darslari va taqdimotlarni o‘z ichiga olgan ishbilarmonlik dasturi o‘tkazilmoqda. Go‘zallik sanoatida ilmiy yondashuvlar, balneologik texnologiyalarni rivojlantirish va innovatsion yechimlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ko‘rgazma doirasida ilk bor bozor ishtirokchilari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qaratilgan ixtisoslashtirilgan B2B shaklida “Matchmaking” platformasi tashkil etildi. Unda xalqaro delegatsiyalar, jumladan, Fransiyaning “Cosmetic Valley” uyushmasi vakillari ishtirok etmoqda.

“Beauty Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasi allaqachon mutaxassislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi va go‘zallik sanoatini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlik uchun asosiy maydon sifatidagi rolini mustahkamlashda davom etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish