Logo

Toshkentda “Sog‘liqni saqlash - TIHE 2026” 30-yubiley ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

Aprel 28, 2026. 12:40 • 2 daq

305
Toshkentda “Sog‘liqni saqlash - TIHE 2026” 30-yubiley ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “Sog‘liqni saqlash - TIHE 2026” 30-yubiley ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

TOSHKENT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2026” 30-yubiley Toshkent xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

28­–30-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu xalqaro ko‘rgazma davlat tuzilmalari, dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari, tibbiyot mutaxassislari va xalqaro ekspertlarni birlashtirgan holda mamlakat tibbiyot sohasining asosiy kasbiy tadbiri hisoblanadi. Tashkilotchilar – “Iteca Exhibitions” va “ICA Eurasia Group” kompaniyalari.

Ko‘rgazmada Germaniya, Hindiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, AQSH, Turkiya va boshqa 20 mamlakatdan 300 dan ortiq kompaniya va brendlar ishtirok etmoqda. Unda Germaniya, Hindiston, Xitoy va Latviyaning milliy pavilyonlari, Belarus va Rossiyaning jamoaviy ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma diagnostika va laboratoriya uskunalaridan tortib jarrohlik, reanimatsiya, oftalmologiya va yuqumli kasalliklar nazorati uchun yechimlargacha bo‘lgan keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Faol rivojlanayotgan estetik tibbiyot segmentiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ko‘rgazma bilan bir vaqtda ilmiy-amaliy seminarlar, taqdimotlar va professional munozaralarni o‘z ichiga olgan boy ishbilarmonlik dasturi tashkil etildi. Muhokamalarning asosiy mavzulari sog‘liqni saqlashning raqamli transformatsiyasi, sunʼiy intellektni joriy etish va elektron farmatsevtikani rivojlantirish bo‘ladi.

“Sog‘liqni saqlash – TIHE” ko‘rgazmasi 1995-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va shu vaqt ichida O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi innovatsiyalarni namoyish etish, tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish uchun yetakchi xalqaro platformalardan biriga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish