Logo

Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi

Dekabr 14, 2025. 12:59 • 2 daq

234
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi

BUDAPESHT, 15-dekabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya poytaxtida ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forum O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligini oshirish agentligi direktori Ulug‘bek Husainov boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi doirasida tashkil etildi. Delegatsiya tarkibidan Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, ushbu hududlarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar vakillari o‘rin oldi.

Tadbirda Vengriya tomonidan Tashqi ishlar va tashqi savdo vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari Katalin Bixari, Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi bosh direktori, Zala, Dyor-Moshon-Shopron, Borshod-Abauy-Zemplen, Xaydu-Bixar, Tolna, Pesht va Veshprem provinsiyalari gubernatorlari ishtirok etdi.

Forumning asosiy mavzusi birodarlik aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekiston va Vengriya hududlari o‘rtasida biznes kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘ldi. Tomonlar bunday aloqalar tajriba almashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va turli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida biznes-forum va “B2B” shaklidagi muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat kompaniyalari vakillari investitsiya va eksport istiqbollarini muhokama qildi. Qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, baliqchilik, energetika va qurilish sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.

Forum Vengriya mintaqalarining o‘zbekistonlik hamkorlarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini namoyish etdi va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar nafaqat davlat tuzilmalari darajasida, balki kompaniyalarning bevosita o‘zaro hamkorligi orqali ham rivojlanishi mumkinligini ko‘rsatdi.

 

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish