Logo

AQShning eng yirik savdo tarmoqlarida o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi

Dekabr 16, 2025. 10:19 • 2 daq

204
AQShning eng yirik savdo tarmoqlarida o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi

VASHINGTON, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning yetakchi “BMB HOLDING” ko‘p tarmoqli xolding kompaniyasi taʼsischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov boshchiligidagi delegatsiya AQShga tashrifi doirasida “Costco Wholesale” yirik savdo tarmog‘ining savdo va distributsiya departamenti rahbari Ed Martin bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Costco Wholesale” AQShning yirik gipermarketlar tarmog‘i bo‘lib, Kanada, Meksika, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya, Avstraliya va dunyoning boshqa mamlakatlarida 1000 dan ortiq filiallariga ega. 2025-yil holatiga ko‘ra, umumiy daromadi 275.2 milliard dollarni tashkil etadi. Bu yerda 341 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi.

Ushbu Amerika konglomerati boshqaruv kengashi aʼzosi Franchesko de Natalening 2024-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk ishchi tashrifi chog‘ida “BMB HOLDING” kompaniyasi bilan birlamchi muzokaralar o‘tkazgan. So‘ngra xolding tomonidan ishlab chiqarilayotgan eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari “Costco Wholesale” tarmog‘ida sotish uchun talab etiladigan uch bosqichli yuqori sifat tekshiruvi nazoratidan muvaffaqiyatli o‘tgan.

AQShga tashrif doirasida “Costco Wholesale” hamda “BMB HOLDING” vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, xususan, yaqin kelajakda xolding tomonidan ishlab chiqarilayotgan chuqur qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot mahsulotlari hamda zaʼfaronni mazkur yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berish bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Xolding mahsulotlari namunalari Amerika kompaniyasiga marketing ishlarini olib borish uchun topshirildi.

“Costco Wholesale”ning AQSh va boshqa davlatlardagi tarmoqlari bilan hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish borasidagi manzilli ishlarni davom ettirish va kelgusida qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarning ilk bora “Costco Wholesale” tarmoqlariga olib chiqilishi AQShning yuqori isteʼmol bozorini eksport hajmlari bilan bosqichma-bosqich zabt etishga ko‘mak berishda katta rol o‘ynaydi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekiston mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy logistika va sifat nazorati tizimlarini yaxshilash orqali milliy eksportimiz salohiyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish