Logo

Siena universitetida Markaziy Osiyo elchilari ishtirokida brifing o‘tkazildi

May 08, 2026. 10:55 • 2 daq

186
Siena universitetida Markaziy Osiyo elchilari ishtirokida brifing o‘tkazildi
Siena universitetida Markaziy Osiyo elchilari ishtirokida brifing o‘tkazildi

SIENA, 8-may. /“Dunyo” AA/. Siena universitetida Italiya Xalqaro tashkilotlar jamiyati (SIOI) tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari elchilari ishtirokida brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir doirasida italiyalik tahlilchilar tomonidan tayyorlangan “Markaziy Osiyo – mintaqaning qayta kashf etilishi: Italiya va YEI uchun imkoniyatlar” nomli kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar asarda keltirilgan asosiy qarashlar, jumladan, Italiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tarixiy aloqalari hamda so‘nggi yillarda ko‘p tomonlama hamkorlikning kengayib borayotgani yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonning sayyohlar, tadbirkorlar va sarmoyadorlar uchun jozibadorligi ortib borayotganini taʼkidladi. Bu, xususan, Yevropa davlatlari va Italiyadan kelayotgan sayyohlar oqimi o‘sishida ham yaqqol namoyon bo‘layotgani qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning “Safety Index”, “International SOS Risk Map” va “Gallup Global Law and Order” kabi xalqaro reytinglardagi mavqei mustahkamlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.

O‘z navbatida, ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining yillik kamida 5 foiz darajasidagi iqtisodiy o‘sish surʼatlari va barqaror rivojlanish dinamikasini yuqori baholadi. Ular Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligini qayd etib, Italiyaning mintaqaning uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkori sifatidagi roli kelgusida ham kuchayishini bildirdi.

Muhokamalar chog‘ida dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida Markaziy Osiyoning barqarorlik va izchil taraqqiyot mintaqasi sifatidagi nufuzi ortib borayotgani, shu bilan birga, uning investitsiyaviy jozibadorligi yana-da kuchayayotgani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish