Eldor Aripov: KADHK mamlakatlarining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga jalb qilgan investitsiyalari hajmi 20 milliard dollardan oshdi
Aprel 20, 2026. 19:00 • 4 daq
• 174
TOSHKENT, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Saudiya Arabistonining Ko‘rfaz tadqiqot markazi bilan hamkorlikda ikki mintaqaning yetakchi tadqiqot institutlari, diplomatik missiyalari va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan “Markaziy Osiyo + Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” (“MO+KADHK”) formatidagi ikkinchi tahlil markazlari forumini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
SMTI direktori Eldor Aripov forumni ochar ekan, Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlari qisqa vaqt ichida shakllanish bosqichini bosib o‘tganini va bugungi kunda barqaror tizimli sheriklik darajasiga ko‘tarilayotganini taʼkidladi. 2023-yilda ishga tushirilgan “MO+KADHK” formati asta-sekin muloqot maydonidan kelishilgan yondashuvlar va amaliy yechimlarni ishlab chiqish uchun strategik platformaga aylanmoqda.
Eldor Aripov bu ko‘p jihatdan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoning ochiqligini mustahkamlash, o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va mintaqalararo hamkorlikning barqaror tizimini shakllantirishga qaratilgan izchil tashqi siyosati tufayli amalga oshganini taʼkidladi.
Chiqish davomida joriy xalqaro vaziyatga, jumladan, Yaqin Sharq va Eron atrofidagi voqealar rivojiga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda nafaqat Ko‘rfaz mamlakatlari, balki Markaziy Osiyo davlatlari ham duch kelayotgan muammolar tahlil qilindi.
E.Aripovning nutqida transport-kommunikatsiya aloqalari mavzusi alohida o‘rin egalladi. Dengiz kommunikatsiyalariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun barqaror va bashorat qilinadigan logistika yo‘llaridan foydalanish iqtisodiy xavfsizlikning asosiy omillaridan biriga aylanayotgani taʼkidlandi. Anʼanaviy tranzit yo‘nalishlari faoliyatidagi har qanday o‘zgarishlar muqarrar ravishda tashish narxlari, yetkazib berish muddatlari va milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligiga taʼsir ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan transport yo‘laklarining diversifikatsiyalangan tizimini shakllantirish tashqi zarbalarga nisbatan zaiflikni kamaytirish va tashqi iqtisodiy aloqalar barqarorligini taʼminlash imkonini beruvchi strategik vazifa sifatida qaralmoqda. Muqobil yo‘nalishlarning bunday rivojlanishi va hududlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi yangi geoiqtisodiy voqelikning muhim qismiga aylanmoqda.
Mavjud vaziyatning iqtisodiy jihatlariga ham katta eʼtibor qaratildi. SMTI direktori global miqyosda davom etayotgan beqarorlik energetika bozorlari dinamikasi, inflyatsiya jarayonlari va umumiy iqtisodiy o‘sish surʼatlariga taʼsir ko‘rsatayotganini taʼkidladi. “Markaziy Osiyo mamlakatlarining saqlanib qolayotgan makroiqtisodiy barqarorligiga qaramay, tashqi omillar ichki bozorlarga bosim o‘tkazishda davom etmoqda, bu esa qo‘shimcha moslashish mexanizmlarini ishlab chiqishni talab qiladi”, – dedi o‘zbekistonlik ekspert.
Eldor Aripov o‘z chiqishida alohida taʼkidlagan asosiy xulosalardan biri shundan iborat bo‘ldiki, bugungi kunda ro‘y berayotgan global jarayonlar jahon tizimining chuqur transformatsiyasini aks ettirmoqda. Ushbu jarayonlar doirasida davlatlarning moslashuvchanligi, diversifikatsiya qilish qobiliyati hamda yuqori darajadagi noaniqlik sharoitlariga tez moslasha olish salohiyati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro muhitning murakkablashuvi mintaqalarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytiradi va shu bilan birga barqaror hamkorlikning ahamiyatini oshiradi. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo turli iqtisodiy va geosiyosiy jarayonlarning kesishish markazida bo‘lib qolmoqda, bu esa uzoq muddatli barqarorlikka yo‘naltirilgan muvozanatli va pragmatik siyosatni amalga oshirishni talab etadi.
“Gap tashqi turbulentlik sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan iqtisodiy va transport aloqalarining yana-da moslashuvchan va diversifikatsiyalangan tizimini shakllantirish haqida bormoqda”,– deya izoh berdi SMTI direktori.
Zamonaviy sharoitda davlatlarning strategik avtonomiyasini mustahkamlashga o‘zaro hamkorlikni cheklash orqali emas, balki sheriklikni kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va ichki barqarorlikni oshirish orqali erishilishi alohida taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Eldor Aripov Markaziy Osiyoning Ko‘rfaz mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligining ijobiy dinamikasi barqaror ekanini taʼkidladi. Keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, KADHK mamlakatlarining mintaqa iqtisodiyotiga jalb qilgan investitsiyalari hajmi 20 milliard dollardan oshdi, o‘zaro savdo hajmi esa qariyb 5 milliard dollarga yetdi.
Hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun uzoq muddatli muvofiqlashtirish mexanizmlarini shakllantirish va kelishilgan yechimlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga olgan o‘zaro hamkorlikning yana-da institutsionallashgan modeliga o‘tish zarurligi qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo aloqalarni tizimli rivojlantirishga zamin yaratishi mumkin bo‘lgan Do‘stlik, o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimni ishlab chiqish tashabbusi alohida qayd etildi.
Eldor Aripov, shuningdek, tovar ayirboshlashni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdo sifatini oshirishga qaratilgan barqaror iqtisodiy arxitekturani shakllantirishga ustuvor eʼtibor qaratishni taklif qildi. Shu bilan birga, anʼanaviy tarmoqlar doirasidan chiqib, sanoat, infratuzilma, agrosanoat majmuasi va raqamli iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni kengaytirish orqali investitsiyaviy hamkorlikni diversifikatsiya qilish zarurligiga urg‘u berildi.
SMTI direktori tahliliy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligini alohida taʼkidladi. “Ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar tayyorlash va baholarni muntazam almashish – kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va ishonchni mustahkamlashning zarur shartidir”, – deya xulosa qildi E.Aripov.
Umuman olganda, “MO+KADHK” tahliliy markazlarining ikkinchi forumi o‘tkazilishi Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan chuqurlashish bosqichiga chiqayotganini ko‘rsatdi. Global o‘zgarishlar fonida nafaqat tashqi o‘zgarishlarga moslashish, balki uzoq muddatli rivojlanish kun tartibini birgalikda shakllantirishga qaratilgan barqaror hamkorlik platformasi shakllanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi