Logo

O‘zbekiston­–Xitoy: ilk bor farmatsevtika bo‘yicha biznes-forum bo‘lib o‘tdi

Aprel 02, 2026. 09:11 • 2 daq

152
O‘zbekiston­–Xitoy: ilk bor farmatsevtika bo‘yicha biznes-forum bo‘lib o‘tdi

SHANXAY, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Xitoy-Osiyo iqtisodiy rivojlanish uyushmasi hamkorligida farmatsevtika sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ilk biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Manzilli investitsiyaviy hamkorlik doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda yuz nafardan ortiq soha vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari va ekspertlar oflayn hamda onlayn tarzda ishtirok etdi. Pilot loyiha sifatida tashkil etilgan simpoziumga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutasaddilari onlayn sessiya orqali qo‘shilib, xitoylik investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatdi.

Xitoy-Osiyo iqtisodiy rivojlanish uyushmasi prezidenti o‘rinbosari Chju Tinbin O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy barqarorlik va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay soliq muhitini yuqori baholadi. Ayniqsa, mamlakatimizning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusidagi faol ishtiroki xitoylik tadbirkorlar uchun integratsiya jarayonlariga qo‘shilishda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Tadbir davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari taqdimot namoyish qilib, yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalarda mavjud imtiyozlar, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi yutuqlar va istiqbolli investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hamda Shanxay universitetining Suchjou shahridagi filiali o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha dastlabki kelishuv imzolandi.

Simpozium yakunida “Wuxi Taxus Pharmaceutical Co.Ltd.”, “SIYI INTELLIGENCE”, “Highend” va “Zhejiang Lini Biotechnology Co.Ltd.” kabi yetakchi kompaniyalar rahbariyati bilan ikki tomonlama B2B formatida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda sarmoyaviy loyihalarni joriy etish, Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish