O‘zbekiston xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va yadroviy terrorizmga qarshi kurashishga sodiqligini tasdiqladi
Aprel 01, 2026. 15:48 • 2 daq
• 68
VENA, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Vena shahrida Yadroviy terrorizm aktlariga qarshi kurashish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya (YATAKXK) doirasida aloqador shaxslar va vakolatli organlarning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Yevropa Ittifoqi ko‘magida tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi. Anjumanda konvensiyaga aʼzo 48 ta davlat vakillari jam bo‘ldilar.
Tadbirning asosiy eʼtibori xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda yadroviy va radioaktiv materiallardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va ularni tergov qilish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish masalalariga qaratildi.
Ishtirokchilar Konvensiyaning 7(4)-moddasi qoidalarini amalga oshirish, xususan, aloqador shaxslar va vakolatli organlarni tayinlash masalalarini muhokama qilib, bu boradagi milliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbirning amaliy qismida tegishli hodisalarga tezkor chora ko‘rish bo‘yicha simulyatsiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Yig‘ilish yakunida Konvensiya qoidalarini samarali ijro etish maqsadida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va milliy mexanizmlarni takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.
O‘zbekistonning ushbu tadbirdagi ishtiroki mamlakatimizning xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va yadroviy terrorizmga qarshi turish borasidagi qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi