Logo

“BBC”: O‘zbekistonda futbolga bo‘lgan eʼtibor va muxlislik madaniyati tobora yuksalmoqda

Aprel 01, 2026. 16:55 • 2 daq

59
“BBC”: O‘zbekistonda futbolga bo‘lgan eʼtibor va muxlislik madaniyati tobora yuksalmoqda

LONDON, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “BBC” portalida O‘zbekistondagi futbolga qaratilgan eʼtibor, muxlislik madaniyati va milliy terma jamoaning so‘nggi paytlardagi muvaffaqiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“BBC” yozganidek, avvallari O‘zbekiston o‘zining boy meʼmorchiligi va Ipak yo‘li merosi bilan mashhur bo‘lgan bo‘lsa, hozirda mamlakatda futbolning yangi davri boshlanmoqda. Ayniqsa, milliy terma jamoaning 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi, futbol muxlislari uchun ulkan quvonchli voqea bo‘ldi.

Maqolada o‘zbek futbolining so‘nggi yutuqlari blogerlar va soha ekspertlari fikrlari bilan tahlil qilingan. Raqamli kontent yaratuvchi Sunnatillo Samatov fikricha, futbol O‘zbekistonda shunchaki sport emas, balki kundalik hayotning ajralmas qismi va madaniy dam olish vositasiga aylangan. “Championat.asia” portali vakili Artyom Melikov esa milliy jamoa yutuqlari stadionlarga muxlislar oqimini qaytarganini, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” kabi grand klubga o‘tishi esa o‘zbek futbol maktabining salohiyatini butun dunyoga namoyish etganini eʼtirof etgan.

Milliy terma jamoa aʼzosi Hojimat Erkinov maydondagi energiya haqida gapirsa, ayollar terma jamoasi hujumchisi Nilufar Qudratova futbol qizlar uchun stereotiplarni buzish va o‘z kuchiga ishonish yo‘lida muhim vosita ekanini qayd etgan.

Materialda futbol va milliy oshxona o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ham fikr yuritilgan. Taʼkidlanishicha, futbol bayramlari va g‘alabalar doim issiq non va shohona palov bilan nishonlangan. “Chorsu” bozori esa nafaqat savdo maskani, balki Ipak yo‘lining ikki ming yillik tarixini his qilish mumkin bo‘lgan gastronomik markaz sifatida tasvirlangan.

“BBC”da bayon etilganidek, futbolchilar mashg‘ulotdan so‘ng Chimyon tog‘larida kuch to‘plashadi. O‘zbekiston nafaqat tarixiy shaharlari, balki Jahon chempionatiga tayyorlanayotgan shijoatli va mehmondo‘st xalqi, futbol muhiti bilan ham sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish